
Jamiyat
Poytaxtning Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli koʻchasida 33 yoshli erkak yoʻl qoidalarini buzib, yoʻl patrul xodimlari tomonidan toʻxtatilganda oʻzini Davlat xavfsizlik xizmati xodimi sifatida tanishtirgan. Uning shaxsiga oid hujjatlar tekshirilganida ushbu organlarga hech qanday aloqasi yoʻqligi aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Unga koʻra, DXX va IIBB tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda YPX xodimlari tomonidan fuqaro Javohir Orifjonov boshqaruvidagi Lacetti toʻxtatilgan. Hujjatlarni tekshirish jarayonida haydovchi oʻzini DXX xodimi sifatida tanishtirib, yoʻl-patrul xizmati inspektorlariga DXXga tegishli boʻlgan guvohnoma koʻrsatgan.
Orifjonov uni qoʻyib yuborishlarini iltimos qilib, goʻyoki yuqori lavozimda ishlovchi rahbar tanishiga qoʻngʻiroq qilgan. Ushbu shaxs YHX boshqarmasi xodimiga uni qoʻyib yuborish boʻyicha koʻrsatma bergan. Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari oʻzini shubhali tuta boshlagan shaxsning maʼlumotlarini tekshirib koʻrgan. Natijada fuqaro koʻrsatgan xizmat guvohnomasi qalbakiligi, DXXga umuman aloqasi yoʻqligi maʼlum boʻlgan. Gumonlanuvchi shu joyning oʻzida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.
Surishtiruvlar natijasida Javohir Orifjonovning qator boshqa ishlari ham oshkor boʻlgan. U odatda oʻzini prezident administratsiyasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi sifatida tanishtirgan. Boshqa idora va vazirliklarda ishlashini aytib, soxta mansabdor shaxs sifatida shaxsiy masalalarini hal qilib kelgan. Bunda u oldindan tayyorlab olgan soxta guvohnomalardan foydalangan.
Javohir Orifjonov ishi boʻyicha sud majlisida Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari va 228-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga uzil-kesil 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni manzil koloniyalarda oʻtash belgilangan.
Xabarda shuningdek, Javohir Orifjonovning jinoyatlaridan jabr koʻrgan fuqarolar yaqin oradagi Ichki ishlar organlariga yoki 102 raqamiga xabar berishlari soʻraladi.
Ilm-fan
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q