Endi vazir yoki hokimlikka nomzodlar korrupsiyaga qarshi kurashish rejasini taqdim etadi

Saqlash
17:27 / 06.10.2025 38 0

2025-yil 6-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

 

Ma’lum qilinishicha, qonun loyihasining asosiy maqsadi hukumat a’zolari va mahalliy ijro hokimiyati rahbarlarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi mas’uliyati va hisobdorligini oshirish, ular tomonidan bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini kuchaytirishdan iborat.

 

Qonun loyihasiga muvofiq, hokim lavozimiga nomzod tegishli xalq deputatlari Kengashida nomzodi ko‘rib chiqilayotganda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi bilan bir qatorda, hududda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha harakatlar rejasini ham taqdim etishi lozim bo‘ladi.

 

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlar Qonunchilik palatasida nomzodi ko‘rib chiqilayotganda va ma’qullanayotganda o‘z faoliyat dasturi bilan birga tizimda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ham taqdim etishi belgilanmoqda.

 

Fraksiya a’zosi Dildora Kamolovaning so‘zlariga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashishda faqat jazo choralari emas, balki mas’ul rahbarlarning dasturiy yondashuvi ham muhim bo‘lib, nomzodlardan shunday rejalarni taqdim etish talabining belgilanishi tizimda ochiqlik va javobgarlikni kuchaytiradi.

 

Yig‘ilishda qonun loyihasining qabul qilinishi rahbar lavozimlarga tavsiya etilayotgan shaxslarning davlat xizmatini ochiqlik va hisobdorlik tamoyillari asosida amalga oshirishga bo‘lgan mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qilishi alohida qayd etilgan.

 

Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlangan.

 

Kun tartibidagi masalalar atroflicha ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//