Sanepidqo‘mita yosh bolali ota-onalarga ogohlantirish bilan chiqdi

Saqlash
09:25 / 06.10.2025 156 0

Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi bolani emlatgandan so‘ng qancha vaqt poliklinikada qolish kerakligi bo‘yicha tavsiya berdi.

 

Ta’kidlanishicha, emlatgandan keyin poliklinikada uzoq vaqt bo‘lish tavsiya etilmaydi, chunki turli xil yuqumli kasalliklarni yuqtirib olish xavfi oshadi.

 

“Odatda, shifokor emlashdan keyingi reaksiyalar paydo bo‘lsa, o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish maqsadida 30 daqiqa kutib turishni taklif qiladi, bu vaqtda davolash-profilaktika muassasasi ichida emas, balki atrofida kutib turish maqsadga muvofiq”, deyiladi xabarda.

 

Tavsiyaga ko‘ra, bolani qalin kiyintirmaslik kerak. Sababi, poliklinikaga kelgan vaqtida bola terlamagan bo‘lishi lozim. Agar terlagan bo‘lsa, barcha issiq kiyimlarini yechib, bolaning teri qotishini kutish kerak.

 

 

Bolaga sharbatlar berish ham mumkin emas, boisi sharbatlar emlashdan keyin organizmning qarshi kurashishini kuchaytirib, vaksinaga ko‘nikishini uzoqlashtiradi.

 

Agar bola kuchli terlagan bo‘lsa, bolaning tanasini iliq suvga botirilgan sochiq bilan, keyin quruq sochiq bilan artib, tanada namlik qolmasligini kutish kerak.

 

Tana harorati odatdagidek bo‘lsa, bolani har doiyimdagidek cho‘miltirish mumkin.

 

Emlash olgandan keyin (odatda 3 kun) ko‘p odamlar yig‘iladigan joylarga borish, ko‘pchilik bilan birga bo‘lish tavsiya etilmaydi.

 

Bolani mehmonga olib bormaslik lozim. Uyga ham mehmon taklif qilmay turgan ma’qul. Bog‘chaga 2 kungacha olib borish tavsiya etilmaydi, agar bola o‘zini yaxshi his qilsa qo‘rqmasdan olib borish mumkin.

 

Bola emlash olgandan keyin aniq yuqumli kasalliklar belgilari — yo‘tal, aksa urish, ich ketishi va boshqa alomatlari bo‘lgan odamlar bilan muloqotda bo‘lishining oldini olish kerak. Chunki bolaning kasallanish ehtimoli juda yuqori bo‘ladi.

 

Emlangan bolani tinchlantirish uchun, ko‘proq suyuqlik berish, ko‘proq vaqt ajratish, uni o‘ynatish, harakatlarini ma’qullash, yaxshi gapirish va mehribon bo‘lish kerakligi aytiladi.

 

Emlashdan keyin bolani albatta qornini to‘ydirish kerak, nafaqat vaqti bo‘yicha, balki talabiga qarab so‘ragan vaqtda.

 

Agar bolada emlashdan keyin harorat ko‘tarilsa, unga issiq tushiruvchi dorilar berish kerak. Tana harorati yuqori bo‘lsa, havo harorati yuqori bo‘lmagan xona sharoitini yaratish lozim. Emlashdan keyin bola injiqlik qilmasa, uyga ketishni so‘ramasa, toza havoda sayr qildirish tavsiya etiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//