Xorazmda Markaziy Osiyodagi birinchi barqaror aviayoqilgʻi zavodi quriladi

Saqlash
12:50 / 03.10.2025 106 0

Oʻzbekiston Xorazmda Markaziy Osiyodagi birinchi barqaror aviayoqilgʻi zavodini qurishni boshlaydi. 5,9 mlrd dollarlik ushbu loyiha Avstraliyaning Allied Biofuels kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. Bu haqda kompaniya vakillari Gazeta.oʻz nashriga maʼlum qilgan.

 

Unga koʻra, yiliga yuz minglab tonna aviayoqilgʻi, dizel va qayta tiklanuvchi yoqilgʻilar ishlab chiqaruvchi ushbu zavod Xorazmning Tuproqqalʼa tumanida joylashib, Markaziy Osiyodagi birinchi toʻliq integratsiyalashgan biologik qayta ishlash korxonasiga aylanadi.

 

U yiliga 382 ming tonna barqaror aviayoqilgʻi (SAF), 152 ming tonna elektro-sintetik SAF (e-SAF) va 11 ming tonna qayta tiklanuvchi (“yashil”) dizel ishlab chiqarishi rejalashtirilgan. Oxirgisini ishlab chiqarish 2 GVt quvvatga ega elektrolizyorlar yordamida olinadigan vodorod hisobiga taʼminlanadi.

 

“Loyiha Oʻzbekistonning 2030-yilgacha uglerod neytralligiga erishish boʻyicha milliy iqlim strategiyasiga mos keladi. Nol ajralmali yoqilgʻi ishlab chiqarishning sanoat miqyosida yoʻlga qoʻyilishi transport va sanoatda qazilma yoqilgʻidan foydalanishni kamaytiradi, issiqxona gazlari ajralib chiqishini qisqartiradi va mamlakatning yashil energetikaga oʻtish jarayonini tezlashtiradi”, — deydi kompaniya vakillaridan biri.

 

Alfred Benediktga koʻra, kelishuv kompaniya va hudud uchun “tarixiy voqea” hisoblanadi. Viloyat hokimi Joʻrabek Rahimov taʼkidlashicha, loyihaning amalga oshirilishi Xorazmning yashil energetika markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi, yuzlab ish oʻrinlarini yaratadi va hudud iqtisodiyoti rivojiga katta hissa qoʻshadi.

 

Allied Biofuels Oʻzbekistonda iyul oyida roʻyxatdan oʻtgan. Uning rahbari Alfred Benedikt ayni paytda Avstraliyaning Allied Green Ammonia kompaniyasining ham boshligʻi hisoblanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//