Mahmudxoʻja Behbudiy va Bahodir Yoʻldoshev nomidagi mukofotlar taʼsis etiladi

Saqlash
19:09 / 02.10.2025 123 0

Hukumatning 2025-yil 27-sentyabrdagi 606-sonli qarori bilan “Dramaturglar uchun Mahmudxoʻja Behbudiy nomidagi mukofot toʻgʻrisida” hamda “Yosh rejissyorlar uchun Bahodir Yoʻldoshev nomidagi mukofot toʻgʻrisida”gi nizomlar tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” telegram kanalida maʼlum qilindi.

 

Gʻoliblar har 2 yilda 1 marotaba tanlov asosida aniqlanib, rejissura va dramaturgiya sohalarida faol ijod qilayotgan rejissyor va dramaturglar teatrlar repertuarini dolzarb mavzudagi sahna asarlari bilan boyitishga qoʻshgan munosib hissasi uchun mukofot bilan taqdirlanadi.

 

Gʻoliblarga mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 50 barobari miqdorida 1 martalik pul mukofoti hamda diplom va statuetkalar beriladi.

 

Ijodkorlarni mukofotlar bilan taqdirlash boʻyicha takliflar tegishli tashkilotlar tomonidan Madaniyat vazirligiga taqdim etiladi. Vazirlik nomzodlar boʻyicha takliflarni koʻrib chiqib, tanlov oʻtkazilayotgan yilning 1-fevraligacha tegishli komissiyaga taqdim etadi. Komissiya 1-martgacha nomzodlarning hujjatlarini oʻrganib chiqib, har bir mukofot boʻyicha eng munosib 1 nafardan nomzod boʻyicha yakuniy qaror qabul qiladi.

 

Mukofotlar 27-mart – Xalqaro teatr kuni arafasida Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri yoki uning tegishli oʻrinbosari tomonidan tantanali tarzda topshiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//