
Jahon
Yangi tadqiqot xulosasida 18 yoshdan 39 yoshgacha bo‘lgan odamlarda so‘nggi o‘n yil ichida diqqatni jamlash, eslab qolish yoki qaror qabul qilish kabi kognitiv muammolar sezilarli darajada ortgani aytiladi.
Nature Neuroscience jurnalida e’lon qilingan maqolada yozilishicha, amerikalik olimlar 2013–2023-yillar oralig‘ida telefon orqali so‘rovnomalarda qatnashgan 4,5 million kishining ma’lumotlarini tahlil qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, kognitiv muammolarni boshdan kechirayotgan respondentlar ulushi 5,3 foizdan 7,4 foizgacha oshgan. Ammo 40 yoshgacha bo‘lgan kattalarda bu ko‘rsatkich deyarli ikki barobarga yuqori — 5,1 foizdan 9,7 foizga.
Shundan so‘ng o‘rta savol tashlangan: Buning sababi nima? Afsuski, savolga aniq javob yo‘q.
Olimlar bunga sabab sifatida “AQSH aholisi orasida kognitiv qiyinchiliklarni idrok etish yoki boshdan kechirishdagi o‘zgarishlar” deya taxmin qilishgan.
“40 yoshgacha bo‘lgan insonlarda miya faoliyatining keskin yomonlashib borayotganiga nimalar sabab bo‘layotganini tushunish uchun ko‘proq izlanishlar zarur, chunki bu holat mehnat unumdorligi va sog‘liqni saqlash tizimlariga uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, deydi tadqiqotchilardan biri.
Ta’kidlanishicha, tadqiqot Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlarining telefon so‘rovnomalaridan olingan ma’lumotlarga asoslangan. Bunda, asosan “kognitiv nogironlik” haqida xabar berganlar, ya’ni xotira muammolari, diqqatni jamlash qiyinchiliklari yoki boshqaruv funksiyalarida nosozliklarga duch kelgan odamlarning javoblari tahlil qilingan.
Statistik tahlildan so‘ng tadqiqotchilar 40 yoshgacha bo‘lganlar orasida kognitiv muammolar sezilarli ortganini aniqlashgan. Shuningdek, yillik daromadi 35 ming dollardan kam bo‘lganlar orasida (8,8 foizdan 12,6 foizgacha) va o‘rta maktabni tugatmaganlar orasida (11,1 foizdan 14,3 foizgacha) katta sakrashlar qayd etilgan. Yillik daromadi 75 ming dollardan yuqori bo‘lgan va kollej bitiruvchilari orasida esa ortish nisbatan kichikroq bo‘lgan.
So‘rovda ko‘pchilik oq tanli bo‘lsa-da, barcha irqiy guruhlar vakillari ham yillar davomida kognitiv qobiliyatning susayishini xabar qilishgan. Eng katta o‘sish esa tubjoy amerikaliklar orasida kuzatilgan — 7,5 foizdan 11,2 foizgacha.
Qiziq tomoni, xuddi shu tadqiqotda “eng katta xavf ostida bo‘lishi mumkin” deb o‘ylangan — yoshi 70 va undan katta keksa odamlar orasida kognitiv muammolar biroz kamaygan — 7,3 foizdan 6,6 foizgacha.
“Xulosalar qiziq, ammo aniq bir yechim yo‘q: odamlar haqiqatan ham ko‘proq kognitiv muammolarga duch kelishyaptimi, bunday muammolar o‘z-o‘zidan kelib chiqyaptimi yoki butunlay boshqa sabablar bormi?” deyiladi maqolada.
Tadqiqot xulosalaridan kelib chiqayotgan taxminlardan yana biri shuki, smartfonlardagi qaramlik algoritmlari bizning diqqatimizni yemirib tashlagan bo‘lishi ham mumkin.
Bundan tashqari, miya faoliyatining yomonlashishiga yetishmovchilik ham sabab bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. Chunki yashash og‘ir bo‘lsa, yaxshi qarorlar qabul qilish qiyin bo‘ladi.
Bu tushuntirishlar vaziyat yanada og‘irlashishi mumkinligidan darak beradi. Boylik tengsizligi chuqurlashib, texnologiyalar kundalik hayotga yanada chuqurroq kirib borar ekan, ko‘rsatkichlar yanada yomonlashishi mumkin. Hali oldinda sun’iy intellektga qaramlik ham turibdi.
Madaniyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q