
Jamiyat
“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalari e’lon qilindi.
Tadqiqot respublikaning 14 ta hududida o‘tkazilgan bo‘lib, rasmiy statistika ma’lumotlari asosida hisoblangan indeks mamlakat oilalari hayotidagi ijobiy o‘zgarishlarni, shu bilan birga, e’tibor qaratish lozim bo‘lgan sohalarni ham ko‘rsatib bergan.
Dinamikaga ko‘ra, O‘zbekistonda umumiy baxtlilik oshmoqda.
Baxtlilik indeksi -1 dan +1 oralig‘ida o‘lchangan bo‘lib, O‘zbekiston bo‘yicha umumiy ko‘rsatkichda ijobiy dinamika kuzatilgan. Masalan, ko‘rsatkich 2023 yilda +0,56 ball bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilda +0,611 ballga yetgan.
“Demak, ikki yil ichida oilalarning umumiy baxtlilik indeksi +0,051 ballga ko‘paygan. Bu o‘sish O‘zbekiston oilalarining aksariyati hayotga ko‘tarinki ruh va kelajakka ishonch bilan qarayotganini, qiyinchiliklarni shukronalik hissi bilan yengib o‘tayotganini tasdiqlaydi”, deyiladi tadqiqot xulosasida.
Bu yilgi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston oilalarining baxtlilik indeksida uchta asosiy indikator yetakchilik qilmoqda. Bular aynan o‘zbek xalqiga xos ma’naviy qadriyatlar bilan bog‘liq:
▪️ Demografik barqarorlik — +0,833 ball;
▪️ Oilaviy qadriyatlarning o‘rni va ahamiyati — +0,791 ball;
▪️ Oilaviy hayotdan qoniqish va baxtni his qilish — +0,734 ball.
“Ushbu natijalar farzandlarning borligi, oiladagi samimiy munosabatlar, g‘amxo‘rlik va milliy qadriyatlarga sodiqlik oilaviy baxtning asosiy poydevori bo‘lib qolayotganini isbotlaydi”, deyiladi xulosada.
Tadqiqot natijalari asosiy indikatorlarda, ya’ni ta’lim olish imkoniyatlari (+0,31), ish bilan ta’minlanish darajasi (+0,22), davlat organlari faoliyatidan qoniqish (+0,13), demografik barqarorlik (+0,01), oilaviy holatdan qoniqish (+0,07), oilaviy qadriyatlar (+0,07) kabilarda o‘sishni ko‘rsatgan.
Tahlilda yozilishicha, O‘zbekistonda oila baxtining asosi mustahkam qadriyatlar va samimiy munosabatlar bo‘lib qolmoqda. Bundan tashqari, baxt tushunchasi hayotdan qoniqish hissi, insonning iqtisodiy farovonligi va mehnat faoliyatidan qoniqish darajasiga ham bevosita bog‘liq bo‘lib bormoqda.
Tadqiqot yakunida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar ham oydinlashgan. Xususan, xulosada yosh oilalarni uy bilan ta’minlash, ayniqsa, xotin-qizlarga ta’lim imtiyozlari berish, tadbirkorlik faoliyati va qo‘shimcha daromad olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni davom ettirish va kuchaytirish zarurligi ta’kidlanadi.
Madaniyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q