Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyaga ariza qabul qilish qaytadan ochildi

Saqlash
09:55 / 02.10.2025 179 0

Bugun, 2-oktyabr sanasidan boshlab O‘zbekistonda ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar uchun ariza qabul qilish qaytadan ochildi. Arizalarni soat 9:00 dan boshlab yuborish mumkin.

 

Mazkur jarayonda subsidiya xabarnomalarining foydalanilmagan qismi uchun shartnomalar beriladi.

 

Buning uchun Davlat xizmatlari markazlariga bevosita borgan holda yoki “my.gov.uz” orqali mustaqil ravishda ariza topshirish lozim bo‘ladi.

 

Ma’lumot uchun, subsidiya ajratishda ijtimoiy mezon ishlab chiqilgan bo‘lib, bunda arizachilar bir nechta mezonlar bo‘yicha ball to‘plashi mumkin.

 

Jumladan, oylik maoshga qarab hududlarda (Qoraqalpog‘iston va viloyatlar) quyidagicha ball beriladi:

▪️ MHTEKMning 2,7 barobaridan 7 barobarigacha yoki 3 431 700 so‘mdan 8 897 000 so‘mgacha — 10 ball;

▪️ MHTEKMning 7 barobaridan ko‘p va 8 barobarigacha yoki 8 897 000 so‘mdan 10 168 000 so‘mgacha — 5 ball.

 

Toshkent shahrida esa quyidagicha:

▪️ MHTEKMning 2,7 barobaridan 8 barobarigacha yoki 3 431 700 so‘mdan 10 168 000 so‘mgacha — 10 ball;

▪️ MHTEKMning 8 barobaridan ko‘p va 9,2 barobarigacha yoki 10 168 000 so‘mdan 11 693 200 so‘mgacha — 5 ball.

 

Bundan tashqari, respublika bo‘yicha ariza beruvchi yoki uning oilasiga tegishli mulk yoki turar-joy bo‘lmasa 20 ball beriladi.

 

Shuningdek, “Labor-migration” dasturida ro‘yxatdan o‘tgan mehnat migranti — 10 ball, 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar — 5 ball, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan ayollar (ajrashgan, beva yoki yolg‘iz onalar) — 5 ball, “Tibbiy ijtimoiy ekspertiza” tizimidan ro‘yxatdan o‘tganlar 5 ball oladi.

 

Ma’lumotda yozilishicha, 2024-yildan boshlab yangi uylar uchun ipoteka kreditlariga subsidiyalar qat’iy belgilangan 30 mln so‘m miqdorida to‘lab berilmoqda.

 

Talabgor xohishi bilan subsidiya quyidagi tartibda ham to‘lanishi mumkin:

▪️ dastlabki to‘lovning bir qismini qoplash uchun — ajratiladigan kreditning 15 foizi miqdorida;

▪️ foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun — kredit muddatining birinchi 5 yili davomida 12 foizdan oshgan qismiga.

 

O‘zbekistonliklarga subsidiya asosida ipoteka krediti Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 330 mln, Toshkent shahrida esa 420 mln so‘mgacha beriladi.

 

Agarda dastlabki to‘lovning bir qismini qoplash tanlanadigan bo‘lsa, 50 mln so‘mgacha subsidiya olish mumkin bo‘ladi.

 

Subsidiyaga topshirilgan arizalarning rad etilish holatlari:

▪️ taqdim etilgan arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlar ijtimoiy mezonlarga mos kelmaganda;

▪️ taqdim etilgan ma’lumotlar noto‘g‘ri yoki soxta bo‘lganda;

▪️ ilgari imtiyozli ipoteka kreditlaridan foydalangan holda subsidiya olganlar (avval olingan uy-joy boshqa shaxsga begonalashtirib yuborilgan taqdirda ham) takroriy murojaat etganda;

▪️ joriy yilda hudud uchun ajratiladigan subsidiya soni tugaganda.

 

Talabgor fuqaro subsidiyaga yozilish uchun “my.gov.uz” portaliga kirib, “Ipoteka kreditiga Davlat subsidiyasini olishga ariza berish” xizmati orqali ariza topshiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//