Toshkent suv ta’minotiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Saqlash
15:01 / 30.09.2025 47 0

 

Bo‘zsuv kanali ifloslanishi ortidan Toshkent suv ta’minotiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 1,5 mlrd so’mlik kompensatsiya to‘lovi belgilandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining matbuot kotibi xabar berdi.

 

Qayd etilishicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Toshkent viloyati Bo‘zsuv kanaliga kanalizatsiya suvlari oqizilayotganligi xabarlar yuzasidan tegishli tekshiruv o‘tkazilgan. Oqova suvlarning chiqish joylaridan olingan laboratoriya tahlil natijalariga ko‘ra, “Bo‘zsuv aeratsiya inshooti”ning birinchi sonli tashlamasida muallaq moddalar cheklangan miqdordan 23,7 marta, ammoniy ioni 101,9 marta, azot nitrit 3,5 marta, sulfatlar 2,3 marta, fosfatlar 1,3 marta, BPK 19,6 marta, neft mahsulotlari 2,52 marta, mis 4,16 marta, temir 12,4 marta yuqori ekanligi aniqlangan. 

 

Bundan tashqari, obyektning uchinchi sonli tashlamasida muallaq moddalar belgilangan miqdordan 22,1 marta, ammoniy ioni 19,9 marta, azot nitrit 8,5 marta, sulfatlar 2,8 marta, fosfatlar 1,3 marta, BPK 17 marta, neft mahsulotlari 1,78 marta, mis 3,3 marta, temir 3,6 marta yuqori ekanligi ma'lum bo‘ldi.

 

Dastlabki tekshiruv davomida atrof-muhitni ifloslantirganlik hamda oqova oqizganlik oqibatida 1 mlrd 511 mln 966 ming 450 so‘m qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovi hisoblandi.

 

Holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 205-“Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish” va 207-“Mansabga sovuqqonlik bilan qarash” moddalari bilan  “Toshkent suv ta’minoti” AJga nisbatan jinoyat ishi qo’zgatilgan. Ayni damda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//