Samarqand avtomobil zavodidagi davlat ulushini Anadolu Isuzu 80 mln dollarga sotib oldi

Saqlash
12:47 / 30.09.2025 28 0

2024-yil iyun oyida Turkiyada boʻlib oʻtgan oliy darajadagi tashrif doirasida “Samarqand avtomobil zavodi” MCHJ QK ustav kapitalidagi 75,2 foiz davlat ulushini xususiylashtirish boʻyicha Turkiyaning “Anadolu Isuzu” kompaniyasi bilan Anglashuv memorandumi imzolangan edi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligining xabar berishicha, Davlat aktivlarini xususiylashtirish komissiyasi Samarqand avtomobil zavodi (SamAuto) ustav kapitalidagi 75,2 foiz davlat ulushini Turkiyaning Anadolu Isuzu kompaniyasiga sotishni maʼqulladi.

 

Xususiylashtirish jarayonini samarali tashkil etish maqsadida Davlat aktivlari agentligi tomonidan moliyaviy konsultant sifatida “KPMG” xalqaro kompaniyasi hamda yuridik konsultant sifatida “Dentons” xalqaro kompaniyasi jalb etilgan.

 

“Anadolu Isuzu” kompaniyasi 1965-yilda “Anadolu Group” (Çelik Montaj) kompaniyalar guruhi (holding) korxonalari tarkibida tashkil etilgan boʻlib, ushbu holding 2021-yilda “Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan” MCHJ ustav kapitalidagi 57,1 foiz davlat ulushini 252,2 mln dollarga sotib olgan hamda oʻtgan davrda 250 mln dollar investitsiya (2 ta yirik zavod qurilishi va 1 ta zavod modernizatsiya ishlari) kiritilgan.

 

SamAuto MCHJ Qoʻshma korxonaning qolgan ishtirokchilari “ITOCHU CORP.” va “ISUZU MOTORS Ltd.” kompaniyalari (Yaponiya) (12,4 foizdan) hisoblanib, taʼsis hujjatlari bilan Oʻzbekiston ulushini oʻzgarishi (sotilishi) bilan bogʻliq barcha harakatlarni Yaponiya tomoni bilan kelishilishi belgilangan. Ushbu ishtirokchilar tomonidan davlat ulushini “Anadolu Isuzu” kompaniyasiga sotilishi qoʻllab-quvvatlangan.

 

Shu tariqa, Turkiyaning “Anadolu Isuzu” kompaniyasi SamAutoʻning davlat ulushini 80 mln AQSH dollariga sotib olib, 80 mln AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritishiga kelishildi.

 

Investitsiya majburiyati doirasida Oʻzbekistonda katta sigʻimli (12–18 metrli) avtobuslar va elektrobuslar ishlab chiqarish, mamlakat boʻylab litsenziyalangan servis markazlarini tashkil etish hamda avtobuslarni Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Yaqin Sharq va Afrikaga eksport qilish koʻzda tutilgan. Bu tashabbus Oʻzbekistonda mintaqaviy transport xabini shakllantirishga xizmat qiladi.

 

Investorning narx taklifi moliyaviy konsultant “KPMG” tomonidan “SamAuto”dagi davlat ulushini sotish mumkin boʻlgan narxlar oraligʻida joylashgan va xalqaro mustaqil baholovchi “PwC” xalqaro kompaniyasi tomonidan aniqlangan qiymatga muvofiq.

 

Xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan maʼqullangan. Shu bilan birga, bitimni yakunlash Turkiya tartibga soluvchi organlari ruxsatnomalarini talab qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//