1-oktyabrdan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?

Saqlash
15:04 / 29.09.2025 98 0

Davlat xizmatchilarining xizmat safarini tashkil etish yagona modul orqali bajariladi

Davlat xizmatchilarining xorijiy va ichki xizmat safarlarini tashkil etish, hisobini yuritish va tahlilini olib borish “hrm.argos.uz” elektron tizimi tarkibidagi “Xizmat safari” yagona moduli orqali amalga oshiriladi.  

 

Davlat xizmatidagi rahbarlar qisqa muddatli kurslarda o‘qitiladi

Qayta tashkil etilgan Davlat boshqaruvi akademiyasida davlat xizmatidagi rahbarlar, rahbarlikka nomzodlar va boshqaruv kadrlari malakasini oshirish bo‘yicha qisqa muddatli kurslar joriy etiladi.

 

Bunda o‘quv reja va dasturlar davlat xizmati va boshqaruvining joriy va istiqboldagi vazifalari asosida ishlab chiqilib, 1 oygacha muddatda rahbarlik bilim va ko‘nikmalari rivojlantiriladi.

 

Shuningdek, mazkur kurslarga yetakchi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, amaliy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan tajribali ekspertlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari jalb qilinadi

 

Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash davlat granti asosida tashkil etiladi

Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash Odil sudlov akademiyasining 6 oylik kasbiy qayta tayyorlash kurslarida davlat granti asosida tashkil etiladi.

 

Kurslariga qabul qilingan shaxslar ularning egallagan lavozimi butun o‘qish davri mobaynida saqlangan holda asosiy ish joyi bo‘yicha lavozimidan ozod qilinadi.

 

O‘qish davrida tinglovchilarga sudya yordamchisining 1 oylik mehnatiga haq to‘lash fondi miqdorida har oyda stipendiya to‘lanadi.

 

“Yashil makon” loyihasida “har bir tiyin sarflanishini kuzatish” tamoyili amal qiladi

Aholi tashabbusi bilan daraxt ekilishi mumkin bo‘lgan aniq hudud, suv ta’minoti, keyinchalik parvarish qilish imkoniyati va daraxtlarning turlari ko‘rsatiladi.

 

“Yashil makon” loyihasi doirasidagi davlat byudjeti mablag‘laridan amalga oshiriladigan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar jamoatchilikka “har bir tiyin sarflanishini kuzatish” tamoyili asosida onlayn yetkaziladi.

 

Pensiyaga oid xizmatlar fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish orqali ko‘rsatiladi

Davlat pensiya ta’minotiga oid hamda AT “Xalq banki” tomonidan pensiyalarni naqd pul shaklida to‘lash bilan bog‘liq xizmatlar fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) hamda ularning imzosini elektron shaklda olish orqali amalga oshiriladi.

 

Bunda to‘lovni amalga oshirish qaydnomasini elektron shaklda planshet orqali imzolashga ruxsat beriladi.

 

Adliya vazirligi Pensiya jamg‘armasi va AT «Xalq banki»ning elektron so‘roviga asosan fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish ma’lumotlarini bepul yetkazadi.

 

“Yagona darcha” bojxona axborot tizimi funksiyalari kengayadi

1-oktyabrdan tovarlarni olib kirish, olib chiqish va tranzit olib o‘tish bo‘yicha barcha sertifikat, xulosa va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar faqat “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi.

 

Oq shakarga nisbatan aksiz solig‘i bekor qilinadi

O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan xushbo‘ylashtiruvchi yoki rang beruvchi qo‘shimchalarsiz oq shakarga nisbatan aksiz solig‘i bekor qilinadi.

 

Skuter yoki moped haydash taqiqlanadi

1-oktyabrdan boshlab moped yoki skuterlarni haydovchilik guvohnomasisiz boshqarish taqiqlanadi. Bundan tashqari, ushbu transport vositalari ham davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lishi lozim.

 

Avvalroq ushbu talab 1-martdan 1-oktyabrga ko‘chirilgan edi.

 

avtoraqam.uzex saytidagi auksionlar to‘xtatiladi

avtoraqam.uzex saytidagi auksionlar to‘liq to‘xtatiladi. Tanlangan raqam yagona oshirilgan to‘lov evaziga beriladi, uning miqdori esa 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab “Uzavtomotobelgi” davlat unitar korxonasi tomonidan belgilanadi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//