
Madaniyat
“Intuitsiya degani insonning asl va tabiiy holatiga uyg‘unligidan kelib chiqadi. Biror narsa qilishdan avval xayolingizga kelgan oniy fikr “yo‘q” degan bo‘lsa-yu, siz unga qarshi borib, teskarisini qilsangiz, u ko‘pincha amalga oshmaydi. Ba’zi odamlarning ichki sezgisi suvdek tiniq bo‘ladi. Intuitsiya, sezish tabiatga uyg‘unlikdan darak beradi. O‘tmishning odamlari tabiatga hamisha yaqin bo‘lgan. Tabiatga yaqinlik tabiiy qonuniyatlarga bo‘ysunib yashashni bildiradi. Insonning halqumi toza bo‘lsa, tabiatga ters bormaydi. Halqumi toza degani halol yeb, halol yashash demakdir. Kishining o‘yi, so‘zi, amali uyg‘unlashish kerak, bu esa har kimning ham qo‘lidan kelmaydi.” Mazkur parcha professor Shomirza Turdimov bilan uyushtirilgan “Taqlidchi va shaxs sharhi” suhbatidan olingan. Suhbatni to‘liq “Ma’naviy hayot” jurnalining 2025-yil 3-sonida o‘qing.
“Ehtimol, bu filmlarni bir-biriga qiyoslash noo‘rindir. Lekin menga filmlar o‘rtasida assotsiativ bog‘liqlik borday ko‘rindi. Agar “Parizod”da Jonibek yetovidagi pariqiz qishloqqa kelib, hammaning tinchini buzgan bo‘lsa, “Bahorni quvib”da Rohatoy Shukurova ismli o‘qituvchi o‘zi bilan “sevgi-pevgi”ni olib kelib, ovul ahlining halovatini o‘g‘irlaydi. Ayub Shahobiddinovning yangi kinosi yana ayol qismati, uning dolg‘ali, fojiali hayot yo‘li haqida.” San’atshunos Shohrux Abdurasulov “Nozik xilqat, metin siyrat” maqolasida rejissyor Ayub Shahobiddinov filmlarini tahlil qiladi.
“Otamning qiziqishlari meni ham qiziqtirgan. Masalan, yozishdan zerikkan damlarida katta qo‘shaloq kassetali magnitofonga mikrofonni ulab, menga qiziq savollar berib, ovozimni yozib olardi. Orada suratga ham tushirardi. Men ham har yakshanba radiodan beriladigan sharq kuylarini magnitofonga yozib olardim, hatto kinoteatrga ham magnitofonni oborib, filmlardagi qo‘shiqlarni yozib olardim. Otam yoshligida gazeta-jurnallarda fotomuxbir bo‘lib ishlagan va bolalik paytimda fotograflik sirlarini menga ham o‘rgatgan. Kechasi qorong‘u ijodxonada qizil lampani yoqib otam ikkimiz foto chiqarardik.” “Otalar va qizlar” ruknida Nodira Husanxo‘jayevaning Said Ahmad haqidagi xotiralarini “Ertaklar olamida yashadim” sarlavhasi ostida o‘qiysiz.
Jurnalning keyingi sahifalarida “Suv o‘ziga yo‘l topadi” (Nurislom To‘xliyev), “Donishmand siyosiy arbob” (Halim Saidov), “Nasoyim…” pinjidagi umr” (Aziz Norqulov) maqolalari, “Safed-bulonliklar” (Ahmaljon Meliboyev) xotira-essesi, “Balzakdan mujda” (Saidjalol Saidmurodov) tarjimasini o‘qishingiz mumkin. Shuningdek, “Qaltis savollarga nozik javoblar…” (Abdulatif Tursunov), “O‘rni to‘lmas xazina” (Inobat Ibrohimova) mavzularida so‘z boradi.
“Kim qancha yashasa ham hosilasi “dunyo derazasi”dan bir boqishlik muddat bo‘lib qolaveradi. Muhimi, o‘sha derazadan qanday boqishda. Izidan kelayotganlarga ibrat olishga arzirli meros qoldira bilishida. Ana shunda u bu dunyo derazasidan mazmunli boqib ketgan bo‘ladi.” “Taqlidchi va shaxs sharhi” suhbatidan olingan ushbu parchani jurnalning mazkur soniga xulosa o‘rnida keltirdik. “Ma’naviy hayot”ni mutolaa qiling, dunyo derazasidan mazmunli boqayotganlar qatorida bo‘ling.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q