Raqobat qo‘mitasi yangi uy olayotgan fuqarolarni ogohlikka chaqirmoqda

Saqlash
11:17 / 29.09.2025 45 0

Joriy yilning yanvar–avgust oylarida Raqobat qo‘mitasiga ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi va xaridlari bo‘yicha 1000 ga yaqin murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularda asosan qurilish tashkilotlari bilan tuzilgan shartnoma shartlarining buzilishi — yangi uy-joylarni o‘z vaqtida topshirmaslik, shartnomada belgilangan talablarni bajarmaslik, reklama va e’lonlarda ko‘rsatilgan loyihalarga amal qilmaslik kabi holatlar bayon etilgan.

 

Bundan tashqari, murojaatlarni o‘rganish jarayonida ayrim qurilish korxonalari shartnomalarga qonunchilikka zid bandlar kiritayotgani ham aniqlangan. Xususan, shartnoma shartlarida “agar iste’molchi o‘z tashabbusi bilan shartnomani bekor qilsa, qurilish tashkiloti iste’molchi tomonidan to‘langan mablag‘ning yoki shartnoma qiymatining 10 foizi miqdoridagi summani jarima sifatida ushlab qolish huquqiga ega” deb belgilangan holatlar ko‘plab kuzatilmoqda.

 

Amalda esa bunday talablar qonun normalariga zid hisoblanadi.

 

Mazkur holatlardan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi yangi uy olayotgan fuqarolarni ogohlantiradi.

 

“Hurmatli fuqarolar, yangi qurilayotgan uy-joydan xonadon xarid qilishda shartnoma tuzishdan oldin uning barcha shartlari bilan atroflicha tanishib chiqishingiz juda muhim. Agar huquqiy bilimingiz yetarli bo‘lmasa, malakali yurist yoki advokat xizmatidan foydalanish orqali shartnoma mazmunini to‘liq o‘rganib chiqishingiz tavsiya etiladi.

 

Shuningdek, agar tuzilgan shartnomada qonunchilik normalariga zid bo‘lgan talablar yoki iste’molchi huquqlarini cheklovchi bandlar aniqlansa, ushbu holat yuzasidan belgilangan tartibda sud organlariga yoki vakolatli davlat idoralariga murojaat qilishingiz mumkin. Bu orqali siz o‘zingizning qonuniy huquq va manfaatlaringizni himoya qilish imkoniyatiga egasiz”, deyiladi ogohlantirishda.

 

Ma’lum qilinishicha, Raqobat qo‘mitasi tomonidan olib borilgan ishlar natijasida, 8 nafar iste’molchining qurilish tashkilotlari bilan tuzilgan shartnomalari bekor qilinib, asossiz ravishda jarima qo‘llanishining oldi olindi hamda fuqarolarga 1,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ qaytarilishi ta’minlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//