
Jamiyat
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining bir nechta tumanidagi bog‘chalarda bolalar ovqatdan zaharlangani haqida xabarlar tarqalgan edi. Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura rasmiy bayonot berdi.
Unda aytilishicha, joriy yilning 24-sentyabr kuni Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka, Bekobod, Quyichirchiq va Oqqo‘rg‘on tumanlarida maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining zaharlanish holatlari aniqlangan.
Ushbu holat yuzasidan Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan bir nechta autsorsing xizmatini ko‘rsatuvchi xususiy korxonalar mas’ul shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ta’kidlanishicha, tergov ishi sinchkovlik bilan, to‘la va sifatli o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida jinoyat ishi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olindi hamda Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligida maxsus ishchi guruh tuzilgan.
Shuningdek, tergov davomida ushbu autsorsing korxonalar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan barcha maktabgacha ta’lim muassasalaridagi tarbiyalanuvchilar to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi, tashxis-davolash ishlari tashkil etilgan.
“Hozirda, tibbiy yordam ko‘rsatilgan bolalar orasida og‘ir va o‘ta og‘ir darajada kasallanganlar mavjud emas, vaziyat shifokorlarning to‘liq nazoratida”, deyiladi bayonotda.
Bundan tashqari, bayonotda yuqoridagi kabi holatlar takrorlanishini oldini olish maqsadida prokuratura organlari tomonidan barcha davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga autsorsing shartnomasi asosida oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilib berilishi ahvoli yuzasidan o‘rganish ishlari ham tashkil etilgani aytiladi.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda, uning yakuni bo‘yicha ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilikka qo‘shimcha axborot taqdim etilishi ma’lum qilindi.
Ma’lumot uchun:
“Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, shu jumladan karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan o‘tish va davolanish, karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joylarni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqish xavfi mavjud bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik odamlarning ommaviy kasallanishi yoki zaharlanishi real xavfini keltirib chiqarsa yoxud odamlarning ommaviy kasallanishiga yoki zaharlanishiga olib kelish bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solish yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi.”
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q