Jizzaxda 2 GVt quvvatli katta AES va 110 MVt quvvatli kichik AES quriladi

Saqlash
12:31 / 26.09.2025 26 0

Jizzax viloyatida quvvati 2 GVt bo‘lgan katta atom elektr stansiyasi va 110 MVt bo‘lgan kichik atom elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 25-sentabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan Global atom forumida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ma’lum qildi.

 

“Bizning Rosatom bilan hamkorlikdagi loyihamiz mamlakat tarixidagi ilk AES bo‘lib, o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Jizzax viloyatidagi yagona maydonchada har biri 1000 MVt quvvatga ega bo‘lgan ikkita yirik reaktor va har biri 55 MVt quvvatli ikkita kichik reaktor quriladi. Bunday kombinatsiyalashgan yondashuv bir vaqtning o‘zida 2,1 GVt asosiy quvvat ishlab chiqarish va moslashuvchan manyovr imkoniyatlarini ta’minlaydi”, — dedi Bosh vazir o‘rinbosari.

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2035-yilga borib 525 gektar maydondagi kombinatsiyalashgan atom elektr stansiyasi 15 mlrd kVt/soatdan ortiq energiya ishlab chiqaradi.

 

O‘z navbatida, Rosatom bosh direktori Aleksey Lixachev O‘zbekiston hukumati kichik quvvatli AES maydoniga ikkita yirik AES blokini qo‘shish to‘g‘risida qaror qabul qilganini ma’lum qildi. “Biz O‘zbekiston hukumati bilan bu borada faol ish olib bormoqdamiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

 

O‘zatom direktori Azim Axmedxo‘jayev O‘zbekistonda kichik va yirik atom elektr stansiyalari loyihalarini birlashtirgan holda atom energetikasining integratsiyalashgan modelini rivojlantirish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

 

Kichik quvvatli atom stansiyalarining qurilishi O‘zbekiston hududlarida energiya ta’minotini nomarkazlashtirishga yordam beradi. Bu haqda 25-sentabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan World Atomic Week xalqaro forumida Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) direktori Azim Axmedxo‘jayev ma’lum qildi.

 

O‘zatom rahbarining ta’kidlashicha, kichik atom elektr stansiyalari “katta yashil kelajak"ka ega. Kichik modulli reaktorlar hisobiga O‘zbekiston o‘zining dekarbonizatsiya dasturini rivojlantirishni va elektr energiyasini ishlab chiqarishning odatiy usullaridan, shu jumladan ko‘mir stansiyalaridan voz kechishni rejalashtirmoqda.

 

“O‘ylaymizki, kichik quvvatli AES mamlakatning chekka hududlarida elektr energiyasi ishlab chiqarishni nomarkazlashtirishga ham imkon beradi”, — dedi u.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//