O‘zbekistonda ilk yerosti chiqindi saqlash majmuasi ishga tushdi

Saqlash
11:48 / 26.09.2025 37 0

Samarqandda respublikadagi ilk yerosti chiqindi saqlash majmuasi tashkil etildi, deb xabar bermoqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi.

 

2 ta yarim yerosti chiqindi saqlovchi maxsus qutilar majmuasi Samarqand shahri Qorasuv massivi “Obod maskan” MFYda ishga tushirilgan. Ta’kidlanishicha, u aholidan to‘planadigan maishiy chiqindilarning atrofga sochilib ketishi va issiq kunlarda turli noxush hidlar tarqalishining oldini olib, shu tariqa fuqarolarga qulay shart-sharoit yaratadi.

 

Mazkur yerosti majmuasi 2 metr chuqurlikda joylashtirilgan bo‘lib, ularning har biriga 2 tadan jami 4 ta maxsus konteyner o‘rnatilgan. Konteynerlarning sig‘imi 3 metr kub (550 litr)ni tashkil etadi va 1000−1500 nafar aholiga xizmat qila oladi. Kelgusida hududda yana 5 ta shunday yer osti majmuasini qurish rejalashtirilgan.

 

Bu kabi chora-tadbirlar respublika bo‘yicha davom ettiriladi, deyiladi xabarda.

 

Eslatib o‘tamiz, Samarqandda chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi SUS Environment Samarkand zavodi qurilmoqda, uning qurilishiga iyul oyida start berilgan edi. Loyihaga 150 mln dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qilinib, u kuniga 1500 tonna chiqindini termik qayta ishlaydi va yiliga 240 mln kVt elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

 

yer osti majmuasi, самарқанд, chiqindi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//