Oliy ta’lim vazirligi: “Superkontrakt” to‘liq bekor qilindi degan xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”

Saqlash
09:45 / 26.09.2025 51 0

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan “O‘zbekistonda superkontrakt to‘liq bekor qilindi” mazmunidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

 

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-sonli qarori bilan 2017-yil 20-iyunda qabul qilingan 393-sonli qaror o‘z kuchini yo‘qotgan.

 

393-sonli qarorga asosan, kirish imtihonlarida 56,7 balldan kam ball to‘plagan abituriyentlarga birinchi o‘quv yiliga amaldagi oshirilgan to‘lov-kontraktning ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan eng yuqori miqdoridan 2 barobariga teng to‘lovni amalga oshirish sharti bilan o‘qishga kirish imkoni berilar edi. Hozirgi kunda aynan shu tartib bekor qilingan.

 

Endilikda to‘lov-kontrakt miqdori amalda o‘rnatilgan bazaviy to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

 

– 1,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 1,5 barobari;

– 1,06 balldan 2,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 2,0 barobari;

– 2,06 balldan 3,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 2,5 barobari;

– 3,06 balldan 4,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 3,0 barobari miqdorida.

 

Ta’kidlanishicha, qabul chegaralariga 4,05 balldan ortiq ball yetmagan abituriyentlar uchun tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlari oliy ta’lim muassasalari rektorlari (direktorlari) tomonidan bazaviy to‘lov-kontraktning 3,0 barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//