
Jamiyat
Toshkent viloyatidagi davlat bog‘chalarida ovqatdan zaharlangan 109 nafar bola kasalxonaga yotqizilgan. Bu haqda 25-sentyabr kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, holat vazirlik va boshqa tegishli tashkilotlar nazoratiga olingan.
“Bugun maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova, vazir o‘rinbosari Azizbek Turdiyev mazkur holatlarni shaxsan o‘rganish maqsadida Quyi Chirchiq, Oqqo‘rg‘on, Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bo‘ldi. Hududiy huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalliy hokimlik mas’ullari bilan hamkorlikda bog‘chalarning ayni vaqtdagi holati, oshxonalardagi mavjud sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Bog‘cha rahbarlari, tarbiyachilar bilan yaqindan muloqot qilindi”, deyiladi manbada.
Ayni paytda Quyi Chirchiq tumanida 12 nafar, Oqqo‘rg‘on tumanida 97 nafar bola shifokorlar nazoratida bo‘lib, ularning salomatligi barqaror ekani bildirilgan.
“Tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ehtiyot chorasi sifatida Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi MTT tarbiyalanuvchilari navbati bilan shifokorlar nazoratidan o‘tkazilmoqda. Hozirgacha bolalar sog‘lig‘iga jiddiy xavf soladigan holatlar aniqlanmadi”, deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, holat huquq-tartibot organlari tomonidan nazoratga olingani va tergov jarayonlari boshlangani qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, joriy yil 24-sentyabr kuni Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi bir necha bog‘cha tarbiyalanuvchilari salomatligidan shikoyat bilan shifoxonalarga murojaat qilingan.
Dastlabki tibbiy ko‘riklar xulosasi asosida bemor bolalarga oshqozon ichak faoliyatining o‘tkir funksional buzilishi, ovqat toksikoinfeksiyasi tashxisi qo‘yilgan. Zaruriy muolajalar amalga oshirilgani hamda shu kunning o‘zida aksariyat bolalarning sog‘lig‘i yaxshilangani tufayli uylariga javob berib yuborilgani bildirilgan. Og‘ir ahvoldagi bemorlar aniqlanmagani qayd etilgan.
“Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lgan. Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga shu kuni olib kelingan 3,2 foizli kefir Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan”, deya ma’lum qilgan vazirlik.
Tibbiy yordamga murojaat qilgan bemorlardan olingan tahlillar hamda iste’mol qilingan oziq-ovqatlar namunalari tegishli laboratoriyalarda tekshiruvdan o‘tkazilgan. Qayd etilgan holat yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari davom ettirilishi xabar qilingan.
Shu bilan birga, Bolalar ombudsmani voqea bo‘yicha munosabat bildirib, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgani, hozirda dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilayotganini xabar qilgan.
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q