O‘zbekistonda kredit foizlari nima sababdan yuqori ekani ochiqlandi

Saqlash
14:34 / 25.09.2025 228 0

Markaziy bank rahbari Timur Ishmetov O‘zbekistonda kreditlar qimmatligining asosiy sabablarini sanab o‘tdi va kredit foiz stavkalarini ma’muriy yo‘l bilan pasaytirish imkoniyati yo‘qligini, bu bozor sharoitida shakllanishini hamda turli omillar mavjudligini qayd etdi.

 

Uning ta’kidlashicha, eng asosiy sabab inflyatsiya va inflyatsion kutilmalardir. Birinchi navbatda bozorda pul narxini tushirish uchun uning qadrini ta’minlash zarur. Shuning uchun ham Markaziy bankning asosiy funksiyasi inflyatsiyani pasaytirish, narxlar barqarorligini ta’minlash orqali inflyatsion targetga erishishdan iborat. Aynan mana shu narsa kredit va depozitlar stavkalariga ta’sir qiladi.

 

Foiz stavkalarining erkin shakllanishiga to‘sqinlik qiluvchi yana bir omil — davlat dasturlari doirasida imtiyozli stavkalar asosida ajratiladigan direktiv kreditlashdir.

 

Ishmetov ma’lum qilishicha, imtiyozli kreditlar ulushi qancha yuqori bo‘lsa, bu foiz stavkalarining shakllanishiga ta’sir qiladi.

 

Markaziy bank raisi, shuningdek, imtiyozli kreditlar muammosini bir-ikki yilda hal qilish qiyinligini aytdi. Chunki bu inflyatsiyani sekinlashtirishni talab qiladi.

 

Bundan tashqari, O‘zbekiston iqtisodiyotida depozitlar bo‘yicha yuqori real foiz stavkalari, ya’ni aholining inflyatsion kutilmalari va depozitlarning daromadliligi o‘rtasidagi farq shakllangan.

 

“Bunda ayrim banklarning biznes modellari ta’sirini ko‘rish mumkin: ular aholiga faqat bitta tovar — mikroqarz shaklida kredit berishga o‘tgan. Mikroqarzlar boshqa turdagi kreditlarga nisbatan o‘ta xatarli bo‘lganligi uchun yuqori foizlarda beriladi", deydi Ishmetov.

 

Uning qo‘shimcha qilishicha, mikroqarzlar yagona instrument bo‘lgani holda yuqori foizlarda berilgani uchun depozitlarni ham yuqori stavkalarda jalb qilish imkoniyati bor. Boshqa banklar ham omonatlar bo‘yicha stavkalarni oshirishga majbur bo‘lmoqda, aks holda raqobatchilar barcha omonatlarni o‘ziga tortib oladi.

 

Regulyator raisining so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bank aholining qarz yuki muammosiga jiddiy yondashmoqda. Banklarning agressiv siyosatini cheklash uchun regulyator tegishli me’yorlarni kuchaytirmoqda va yil oxirigacha yangi chora-tadbirlarni e’lon qilishni rejalashtirmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//