
Jamiyat
Foto: Kun.uz
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Piskent va Bo‘ka tumanidagi bog‘chalarda bolalar zaharlangani haqida xabarlar tarqaldi.
Aytilishicha, zaharlangan bolalar ko‘pligidan Piskent kasalxonalariga sig‘magan va Nurafshon, Olmaliq va Bo‘ka tumanlariga tarqatib yuborilgan.
Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi vaziyatni o‘rganib, dastlabki munosabatini bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 24-sentyabr kuni Toshkent viloyatining Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi bir necha maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari salomatligida o‘zgarish bo‘lganligi sababli tibbiyot birlashmalarining yuqumli kasalliklar bo‘limiga murojaat qilingan.
Dastlabki tibbiy ko‘riklar xulosasi asosida bemor bolalarga “Oshqozon ichak faoliyatining o‘tkir funksional buzilishi, ovqat toksikinfeksiyasi” tashxisi qo‘yilib, zaruriy muolajalar amalga oshirilgan hamda shu kunning o‘zida aksariyat bolalarning sog‘lig‘i yaxshilangani tufayli uylariga javob berib yuborilgan. Og‘ir ahvoldagi bemorlar aniqlanmagan.
Mazkur vaziyat darhol vazirlik tomonidan nazoratga olinib, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda o‘rganish ishlari boshlangan.
Taxminlarga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lgan.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga shu kuni olib kelingan 3,2% li kefir mahsuloti Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan.
Hozirda tibbiy yordamga murojaat qilgan bemorlardan olingan tahlillar hamda iste’mol qilingan oziq-ovqatlar namunalari tegishli laboratoriyalarda tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Qayd etilgan holat yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari davom etyapti.
Vazirlik holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar berilishini ma’lum qildi.
Ilm-fan
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q