Prezident AQShda “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari bilan uchrashdi

Saqlash
09:22 / 25.09.2025 95 0

Shavkat Mirziyoyev AQShga amaliy tashrifini yakunlash arafasida an’anaga ko‘ra, ushbu mamlakatda mehnat va istiqomat qilayotgan vatandoshlar, shuningdek, AQShning nufuzli universitetlarida tahsil olayotgan "El-yurt umidi" jamg‘armasi stipendiatlari bilan uchrashdi.

 

 

 

Norasmiy muhitda o‘tgan samimiy suhbat davomida Yangi O‘zbekistondagi islohotlarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar, xususan, ularni faol ilgari surishda vatandoshlar va ularni birlashtiruvchi tashkilotlarning ishtiroki muhokama qilingan.

 

 

Uchrashuvda muvaffaqiyatli tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan vatandoshlar va yoshlar o‘rtasida muloqot maydonini yaratishga qaratilgan “Vatandoshlarning xalqaro biznes marafoni”ga ham start berilgan.

 

Ishtirokchilar O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy va ta’lim aloqalarini kengaytirish va mustahkamlash, milliy iqtisodiyotning ustuvor sohalariga AQShning ilg‘or texnologiyalarini joriy etish, tibbiyot, transport va logistika sohalarida innovatsiyalarni ilgari surish, mamlakatimizda marketpleyslarni rivojlantirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirgan.

 

 

Davlat rahbari yig‘ilganlarga Vatanimiz taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi uchun minnatdorlik bildirib, aytilgan barcha taklif va tashabbuslar mamlakat vazirlik va idoralari tomonidan puxta o‘rganib chiqilishi, eng istiqbollilari esa amaliyotga tatbiq etilishini ta’kidlagan.

 

 

Prezident AQShda “El-yurt umidi” stipendiatlari soni 500 nafardan oshganiga alohida e’tibor qaratib, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va tajribasini ona yurtda qo‘llash uchun imkoniyat yaratish davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini urg‘ulagan.

 

 

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev talabalarga o‘qishda va kelgusidagi kasbiy faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilab, O‘zbekiston yoshlarning tashabbuslariga doimo ochiqligi va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirgan.

 

 

Uchrashuv ishtirokchilari ham O‘zbekiston yetakchisiga xorijdagi vatandoshlar va yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirib, Vatan ravnaqiga yanada ko‘proq hissa qo‘shishga tayyorligini aytishgan.

 

 

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasi 80-yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun Nyu-York shahriga tarixiy tashrifi yakunlangan. Davlat rahbari Toshkent shahriga qaytib kelgan.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//