Sanepidqo‘mita changli havoda nima qilish kerakligi bo‘yicha tavsiyalar berdi

Saqlash
10:09 / 23.09.2025 76 0

Xabaringiz bor, kecha Toshkent shahri havosi eng ifloslangan shaharlar ichida yuqori o‘rinni egalladi.

 

 

Shundan kelib chiqib, Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi changli havoda nima qilish kerakligi bo‘yicha tavsiyalar berib o‘tdi.

 

Jumladan, bunday paytda ko‘chaga iloji boricha kamroq chiqish zarur.

 

Ishga, o‘qishga, xarid uchun ko‘chaga chiqqanda esa tibbiy niqob taqish va har 2 soatda almashtirish kerak.

 

Ko‘chadan uyga qaytgach dush qabul qilish (soch va yuz-ko‘zlarni yaxshilab yuvish) tavsiya etiladi.

 

Kalit, ko‘zoynak, telefon va sumkani namlangan salfetka bilan yaxshilab artish, ko‘chaga kiyib chiqqan kiyimlarni yuvish, ustki kiyimlarni (kostyum, plash, palto va boshqalar) niqob taqqan holda tashqarida yaxshilab qoqish lozim.

 

Bundan tashqari, tavsiyalar ichida nim ta’sir etuvchi tuzli suv bilan tomoq va burunlarni tez-tez chayish, ko‘proq suyuqlik (iliq) ichish ( iloji bo‘lsa ko‘k choy), na’matak damlamasini ichish, suyuq sabzavotli taomlar, sut va sut mahsulotlari (qatiq, kefir va boshqalar), ko‘katlarni iste’mol qilish ham bor.

 

Chang ko‘p to‘planishini oldini olish va uyni hamda yuzalarni to‘g‘ri tozalash kerak.

 

Uy, ishxona va mashina eshiklari va derazalarini zich yopgan ma’qul.

 

Chang yig‘ilishi mumkin bo‘lgan hamma narsalarni changyutkich yordamida tozalash kerak (gilam, yumshoq mebel, yumshoq o‘yinchoqlar va boshqalar). Yumshoq mebelni qoqishdan avval usti namlangan latta bilan o‘ralishi tavsiya qilinadi.

 

Chang yig‘ilishi mumkin bo‘lgan barcha yuzalarni (pol, shkaf, ishchi yuzalar va boshqalar) kun davomida bir necha marta namlangan latta bilan yaxshilab artish kerak.

 

Oyoq kiyimlarini eshik oldida qoldirish va imkon qadar tezroq yuvib qo‘yish zarur.

 

Xona havosining optimal namligini ta’minlash, xususan, ho‘l sochiqlarni xonalarga osish, kattaroq sig‘imli idishlarga suv solib qo‘yish lozim.

 

Qo‘mita nafas yo‘li surunkali kasalliklari bor fuqarolarga changli havoda tashqariga chiqmaslikni maslahat berdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//