O‘zbek kinolarida erkak obrazi qanday talqin qilinmoqda?

Saqlash
15:55 / 22.09.2025 107 0

"Oila va gender" ilmiy-tadqiqot instituti o‘zbek kino va seriallarida erkak obrazi qanday aks etayotgani borasida so‘rovnoma o‘tkazdi.

 

Ma’lum bo‘lishicha, eng ommabop erkak obrazi bu oilani ta’minlaydigan, sadoqatli ota roli hisoblanadi. Respondentlarning 43,2 foizi aynan mana shu obrazni kino-seriallarda ko‘p uchratayotganini aytgan.

 

Boshqalarni himoya qiluvchi, zaiflar va muhtojlarga yordam beruvchi (harbiylar, militsiya xodimi) obrazi ham ko‘pgina (26,2 foiz) muxlisga ega.

 

Zamonaviy fikrlaydigan, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirgan, muvaffaqiyatli tadbirkor obrazi (20,5%) ham hozirda kino-seriallarda tez-tez uchramoqda.

 

So‘rovnomada salbiy obrazlar ham e’tibordan chetda qolmagan.

 

Jumladan, qatnashchilarning 19,3 foizi kino-seriallarda ayoliga yoki boshqa zaif insonlarga nisbatan o‘z g‘azabini boshqara olmaydigan erkaklarni uchratishini va bunday rollar tomoshabinni jalb qilishini bildirgan.

 

“Ehtimol, bu kabi harakatlarning oqibatlariga e’tibor qaratish uchun xizmat qiladi”, deyiladi tadqiqot xulosasida.

 

Shuningdek, xulosada er-xotin munosabatlarida o‘zaro hurmat, ishonch va maslahatlashishga amal qiladigan er (17,7 foiz) obrazi ham sezilarli ovoz to‘plagan.

 

O‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan, lekin oilasiga kam vaqt ajratadigan, farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanmaydigan erkaklar (14,6 foiz) ham tomoshabinlar diqqatini tortmoqda.

 

Bundan tashqari, jinoyatlar qilgan, keyin to‘g‘ri yo‘lga qaytgan erkaklar obrazi 12,2 foiz ovoz olgan.

 

Ayolining gapiga kiradigan, oilada obro‘ga ega bo‘lmagan er (7,7 foiz) obrazi esa kamroq ommabop ekani aytiladi.

 

“Bu jamiyatda erkaklarning oiladagi roli haqidagi stereotiplarni buzadi”, deyiladi xulosada.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//