
Jamiyat
Yoshlar orasida G‘arb madaniyati, ayniqsa kino, musiqa, internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tez tarqalmoqda. Yoshlar orasida individualizm, shaxsiy erkinlik, gedonizm (yengil-yelpi huzur-halovatga, lazzatlanishga intilishni oliy maqsad deb hisoblovchi axloqiy ta’limot) g‘oyalari ko‘proq qiziqish uyg‘otishi bugun hammaga ayon.
Turmush tarzimizga iste’molchilik madaniyati (kiyinishda brendlarga intilish, qimmat gadjetlar ishlatish, fast-food iste’moli) orqali G‘arb turmush tarzi, ular orqali esa urf-odatlari, ommaviy madaniyat keng yoyilgani bugun hech kimga sir emas. Sotsiologik kuzatuvlarimiz yurtimizning ko‘plab qishloq hududlarida milliy urf-odatlar nisbatan saqlanayotganini va G‘arb ta’siri “buza olmagan” chegaralar (hozircha!) saqlanayotganini ko‘rsatmoqda. Ammo bu ko‘rsatkichlar shaharlar, ayniqsa katta megapolislar kesimida globallashuv ta’sirlarini sezdirmoqda.
Zamonaviy, ya’ni ijtimoiy tarmoqlar, internet hayotining ajralmas qismiga aylanib ulgurgan, asosan o‘smir yoshlar uchun bo‘sh vaqtni tashkil etishda G‘arb modellaridan yana biri — “vaqtni ko‘ngilxushlik bilan o‘tkazish”ni, “adrenalin manbai” degan chiroyli targ‘ibot ortiga yashirinib, bolalarimiz ruhiyat olamini o‘z ortidan ohanrabodek ergashtirayotgan kvest uylari haqida to‘xtalmoqchimiz.
Joiz bo‘lsa, kvest uyi tarixiga qisqa to‘xtalamiz: ilk real kvest uyi 2007 yilda Yaponiya (Tokio)da tashkil etilgani, keyinchalik “tokiogizm”, “takagizm” nomi ostida jahonga tarqalgani haqida ma’lumotlar bor.
O‘tgan 15 yil kvest uylari uchun ham anchagina muvaffaqiyat keltirdi deyish mumkin. 2022 yilda dunyoda kvest uylari soni 40 mingdan ortgani, bozor qiymati esa 1,2 mlrd dollarni tashkil qilgani buning yaqqol dalilidir. Ayni damda ham ushbu loyiha samaradorligi katta tezlikda o‘sib borayotgani va O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmayotganini so‘nggi yillarda poytaxtimizda “horror-kvest uylari” keng tarqalayotganida ko‘rishimiz mumkin. Ko‘ngilochar va adrenalin manbai sifatida farzandlarimizga taklif etilayotgan ushbu uylar bolalar ma’naviy olamiga salbiy ta’sir ko‘rsatish darajasi yuqoriligicha qolayotganini Gruziyaning Maxachqal’asidagi Rasul Hamzatov ko‘chasida yonib ketishi oqibatida 2 nafar (ulardan biri 20 yashar) qizning favqulodda vafot etishiga sabab bo‘lgan kvest uyi, shuningdek, umuman kvest uylarini tanqidiy o‘rgana boshlagan rossiyalik bloger Grigoriy Nadtokning quyidagi fikrlari ham tasdiqlaydi: “mening jamoam va men bu (kvest)ni turli shaharlarda kuzatdik, jihozlanishidan hamma narsa bir xil: iflos yerto‘la, axlatxonadagi mebel, qo‘pol operator, aktyorlar... Biz ijodiy guruh nomidan salbiy sharh yozganimizda, ular, kvest uyi “ijodkorlari” menga tunda tahdid qildi va uni ijtimoiy tarmoqlardan o‘chirishni talab qildi. ...Kvestlar bilan bog‘liq dahshatli muammo shundaki, tomoshabinlar realizmni talab qilishi mumkinligi, turli auditoriyadagi odamlarning haqiqatan ham o‘zaro bog‘lanishni so‘rashidadir1.
Darvoqe, bugungi kunda Toshkent shahri va viloyatida 20 dan ortiq kvest uylari faoliyat yuritmoqda. Xo‘sh, bu “uy”larda qanday mazmundagi “ko‘ngilochar” xizmat turlari taklif qilinmoqda deb o‘ylaysiz?
Poytaxtimizdagi 19 ta kvest uyining internetdagi saytlarida taqdim qilgan ma’lumotlarini tahlil qilib, “ko‘ngilochar” xizmatlar quyidagi janr va mavzularda ekanini aniqladik.
Mavzular bo‘yicha:
- zo‘ravonlik va manyaklik (qotillik uyi, manyak ta’qibi va undan qochish);
- arvohlar va mistik obrazlar (yalmog‘iz kampir, ruhlar, qonli qasr);
- ilmiy-fantastik (robotlar, o‘zga sayyoradan kelganlar, vaqt mashinasi);
- tarixiy va milliy mavzular (qadimgi piramidalar, Samarqand tarixi bilan bog‘langan voqeliklar) qizig‘i, Samarqand shahridagi tarixiy obidalar ichida turli qonli syujyetli o‘yinlar tashkil etiladi;
- mafkuraviy va maishiy (gunoh va jazolash, adolat va zulm);
- yoshlar va bolalarga mo‘ljallangan (superqahramonlar, multfilm qahramonlari) va h.k.
Janrlar bo‘yicha:
- Horror (qo‘rqinch janri) kuchli qo‘rquv muhiti yaratadi;
- Detektiv / triller;
- Bolalar kvesti, performans, interaktiv;
- Fantastika va fentezi;
- Ekzorsizm;
- Mantiqiy;
- Komediya va yumor;
- Sayohat janri va h. k. Bu janrlar aktyorlar bilan (performans) turli darajadagi jonli aloqa qilish mumkin bo‘lgan: yengil (“layt”)dan og‘ir (“xard”)gacha taklif qilinadi.
Bugun ayrim “ko‘ngilochar” uylarda taklif etilayotgan xizmatlar ichida ekzorsizm janri alohida e’tiborga loyiq. Ekzorsizm — aslida diniy marosim bo‘lib, u “jin, yovuz ruhlar” yoki shaytoniy qora kuchlarni insondan yoki muayyan joydan quvib chiqarishga qaratilgan. Bu biznes rivojlanishida iqtisodiy manfaat yotibdi. Toshkent shahrida 400 ming so‘mdan 1 mln so‘mgacha tashkil etadigan jamoaviy o‘yinda eng kamida 4 dan 6 nafargacha odam qatnashadi. Ammo bu faqat iqtisodiy manfaat xolos. Psixologlarning ta’kidlashicha, bolaning 10 daqiqa qo‘rquvda o‘tirishi yurak urishi (taxikardiya), nafas olishini (giperpneya) tezlashtirishi, terlash, qon bosimi oshishi, mushaklar taranglashishi, qo‘llar va oyoqlarda muzlab qolish hissini tuyishi, qorin og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, ich ketishi (vegetativ reaksiyalar) kabi jismoniy o‘zgarishlarga, shuningdek, qo‘rquv, xavotir, harakatsizlik (fight, flight, freeze reaksiyasi), yosh bolalarda yig‘lash, ota-onaga yopishish, uzoq muddatli ta’sirlar – agar qo‘rqinchli voqea juda kuchli bo‘lsa (travmatik holat) psixik kasalliklar PsR (posttravmatik stress buzilishi), qo‘rqinchli voqeani qayta-qayta xotirlash, tushkun kayfiyat, uyqusizlik, tush ko‘rish, doimiy xavotir va asabiylik, trevoga buzilishlari (anhiya), ma’lum bir voqea yoki hodisaga kechikib reaksiya qilish, jamiyatdan uzilish, bosqinchilikning qayta takrorlanishidan qo‘rqish, depressiya, xavotir, kayfiyatdagi tushkunlik, va nihoyat, ijtimoiy izolyatsiya... Immunitet tizimining zaiflashishi, oshqozon-ichak muammolari (gazlar, gastrit), gormonal disbalans (kortizol miqdori ko‘payishi) kabi ruhiy xastaliklar va ular oqibatida vujudga keladigan fiziologik o‘zgarishlarga sabab bo‘lar ekan.
(psixolog tomonidan taqdim etilgan va bola tomonidan chizilgan surat)
Tasavvur qiling: farzandingiz qo‘rqinchli tasvirlar, dahshatga soluvchi ovozlar hamda “alvasti va shaytonlar, qo‘rqinchli ruhlar ta’qibi” bilan yuzma-yuz qoladi. Iztirob, ruhiy zilzila... Uning ma’naviy olamida ro‘y bergan o‘zgarishlarni oq qog‘ozga chizing va suratga boqing...
Bola bu jarayondan so‘ng tunda tinch uxlay olmaydi. Qo‘rqinchli tushlaridan xalos bo‘lolmaydi. Qalbidagi jarohatlar: qo‘rquv, mavhumlik, xavotirlar va tasavvurlar xavflari ostida hayot kechira boshlaydi.
Janr nuqtai nazaridan detektiv yoki trillerlarsiz, qo‘rqinchli sahnalarsiz ham kvest uylarini tashkil etish mumkin. Biroq ko‘p hollarda syujyetiga kuchli ta’sir ko‘rsatish va ishtirokchilarda hayajon uyg‘otish maqsadida saspens (ko‘tarinki hayajon, kutilmagan burilishlar) va ayrim qo‘rqinchli elementlar qo‘shilishi turgan gap. Masalan, detektiv kvestlarda ko‘proq jinoyat sirlari, qotillik izlari, qorong‘i xonalar, sirli buyumlar orqali keskin muhit yaratiladi.
Triller kvestlarda esa kutilmagan tovushlar, qorong‘ilik, qo‘rqinchli personajlar yoki jonli aktyorlarning to‘satdan paydo bo‘lishi ishtirokchilarda kuchli hayajon va qo‘rquv uyg‘otadi. Shuning uchun aytish mumkinki, detektiv va triller kvestlarida qo‘rqinchli sahnalar mavjud bo‘lishi mumkin, biroq ularning darajasi o‘yin tashkilotchisi va tanlangan syujyetga bevosita bog‘liq.
Albatta, kvest uylarida faqat detektiv yoki triller janrlari emas, balki boshqa turdagi ssenariylar ham uchraydi. Masalan, sayohat mavzusidagi kvestlar yoki turli xil multfilm epizodlari asosida tuzilgan o‘yinlar mavjud. Biroq shunga e’tibor qaratish lozimki, bu sahnalarning ko‘pchiligi asosan G‘arb animatsion filmlari qahramonlari bilan bog‘liq.
Ularda milliylik, xalqimizga xos ma’naviy-tarbiyaviy elementlar yoki milliy qahramonlarning obrazlari deyarli uchramaydi. Aksincha, qimorbozlik, turli ma’naviy buzg‘unchilikka olib keladigan yutuqli o‘yinlar targ‘iboti kabi “mayda detal”lar bilan boyitilgani yoshlarda qiziqish uyg‘otadi, ularning madaniy dunyoqarashi va ma’naviy tarbiyasiga milliy qadriyatlar asosida ta’sir ko‘rsatish imkoniyatini cheklaydi. Bu esa kvest uylari ssenariylarini milliy qahramonlar, tarixiy obrazlar yoki xalq ijodiyotidan olingan motivlarni targ‘ib qilish yuzasidan o‘rganish muhimligini ko‘rsatadi.
Keling, Toshkent shahridagi kvest uylarining birida bolalar uchun taqdim qilinayotgan interaktiv janridagi “o‘yin” tavsifiga e’tibor qaratamiz.
O‘yin mavzusi: do‘stlaring bilan birga ushbu shahar qanday tarixni o‘zida saqlayotganini bilishga harakat qil. Bu yerda Mallinslar oilasi yashagan, ularning kichik qizalog‘i mashina g‘ildiragi ostida qolib halok bo‘lgan... Ota-ona uchun farzandini yo‘qotishdan keyingi kunlar toqatsiz o‘tdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Annabellaning ota-onasi uyda turli ovozlarni eshita boshladi: qadam tovushlari, qizi uxlashdan oldin eshitadigan sevimli musiqa xirgoyisi... Ular anglashdiki – bu qizining ruhi. Ota “ruh”ga o‘z qizi qiyofasida tayyorlagan qo‘g‘irchoqqa kirishi uchun ruxsat bersa, qizini yana bir marotaba tirik va sog‘-salomat holda ko‘rish baxtiga muyassar bo‘lishadi. Biroq Mallinslar qo‘g‘irchoqqa kirishga ruxsat bergan ruh qizining ruhi emas, balki dahshatli yovuz kuchga ega ruh bo‘lib chiqadi. Endi orqaga yo‘l yo‘q...
Xo‘sh, siz bu o‘yinda ishtirok etgan bolalarning ruhiyatidagi o‘zgarishlarni tasavvur qila olasizmi?
Markaz tomonidan Toshkent shahridagi kvest uylarining ijtimoiy tarmoqlar, ya’ni Instagramʼdagi holati tahliliy o‘rganildi.
Kvest uylari Instagram-kanali a’zolari eng kami 4 mingdan boshlanadi. Ularga bolalarni jalb etish bo‘yicha “tug‘ilgan kunga 10 foiz chegirma” kabi hamyonbop va o‘yinlar bo‘lib o‘tadigan manzillar bo‘yicha poytaxt ko‘chalari misolida (suratdagi kabi beshariq ko‘chasidagi “morg”) lokatsiya ko‘rsatilgan “qiziqtiruvchi” targ‘ibot yo‘lga qo‘yilgan. Xorij fuqarolariga ham alohida skidkalar asosida o‘yinlar tashkil etiladi. Ayrim xorijlik yoshlarning Toshkent kvest uylari “arzonligi” haqidagi iliq fikrlarini uyg‘otish mumkin tarmoqlarda. Shuningdek, o‘zbekistonlik yoshlarning ham auditoriyalarni kengaytirish va katta auditoriyalarni birlashtirish haqidagi kommentlarini o‘qish mumkin.
Afsuski, o‘z farzandlarining tug‘ilgan kunlarini qo‘rqinchli o‘yinlar (“farzandlarining his-tuyg‘ulari boshqarilishi” evaziga) iskanjasida o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlaydigan ota-onalar ham topilmoqda. Ruhlar va yovuz kuchlarning talvasasini “adrenalin” deb qabul qilayotganlar ins-jinslarning virtuallashgan olamida bo‘sh vaqtlarini o‘tkazayotganlaridan yo bexabarlar yoki allaqachon “tiriklar” olamidan ko‘ra ”o‘liklar” olamini xush ko‘ra boshlaganlar. Har ikki holatda ham qo‘rquv asosiga qurilgan mavzularda kvest o‘yinlari o‘z tahdidlarini yo‘qotmaydi.
Ma’lumot uchun kvest uylarining “qanot yozishi” bo‘yicha Rossiya davlati tadqiqotidan raqamlar keltiramiz. 2023 yilda Rossiyada 12-17 yoshgacha bo‘lgan 600 nafar o‘smirlar orasida o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra kvest uylariga
• 37% yoshlar – kamida bir marta borgan.
• 18% yoshlar – har oyda bir marta tashrif buyuradi.
• 52% yoshlar – qo‘rqinchli tush va uyqusizlikka duch kelgan.
• 11% yoshlarda – real hayotda ham qo‘rqish hissi kuchaygan.
Mavjud holat yurtimizda qanday ekanini aniqlash maqsadida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi olimlari maktab va oliy ta’lim muassasalarida ijtimoiy so‘rov o‘tkazmoqda. Tadqiqot natijalari yaqin vaqtda alohida maqola sifatida e’lon qilinadi.
Ilmiy tahlillar shunday ma’lumotlarni taqdim qilmoqda.
Qo‘rqinchli syujyetlar o‘smirlarda xavotir va stress gormonlari ortishiga sabab bo‘ladi. Ma’naviy-ma’rifiy jihatdan zo‘ravonlik va manyaklik obrazlari o‘smirlar ongida normallashishi mumkin. Ayniqsa, ijtimoiylashuv jarayonida salbiy his-tuyg‘ular orqali bog‘lanish tendensiyasi kuchayishiga olib keladi.
Ko‘rinib turganidek, bu real xavf-xatar va ilmiy jihatdan chuqur tahlil hamda xulosalarga muhtoj. Shuningdek, mazkur jarayonni sog‘lomlashtirish bo‘yicha qator amaliy ishlarni ham amalga oshirishimiz zarur. Izlanishlarimiz va amaliy tahlillarimiz natijasiga ko‘ra, xulosalarimiz shuki, kvest uylari, ayniqsa horror va ekzorsizm janrlari yoshlar ma’naviy olamiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Ushbu holat jamiyatimizda milliy tarbiya, ma’naviy xavfsizlik va yoshlar ongida sog‘lom qadriyatlarni mustahkamlash masalasi dolzarb ekanini yana bir bor ko‘rsatadi.
Uchinchi Renessansni qo‘rquv bilan boshqariluvchi avlod emas, ajdodlariga munosib jasur va ilmli yoshlar qurishini inobatga olsak, kvest uylaridagi g‘arbcha yashash tarzi va mafkuraviy tahdidlar targ‘ibotini jiddiy, sotsiologik tadqiqotlar asosida jiddiy o‘rganish joizligini ko‘rsatadi.
“G‘arb mafkurasining amaliy elementi sifatida jamiyatimizga kirib kelgan mazkur kvest uylari tashqi ko‘rinishda oddiy “ko‘ngilochar” kabi namoyon bo‘lsa-da, mazmun-mohiyati jihatdan zo‘ravonlik, qo‘rquv uyg‘otish va ins-jins olamini normallashtirishni osongina targ‘ib qilmoqda. Bu esa yoshlarning ma’naviy immunitetini mustahkamlashga qaratilgan dasturlarni parchalashga, aylanib o‘tishga xizmat qilyapti. Shu bois bu jarayonga soha vakillari kabi shunchaki biznes sifatida qaramasdan, uning yoshlarda qo‘rquv, xavotir, stress, hatto agressiv xulq-atvor, uzoq muddatli ijtimoiy munosabatlarda noinsoflik, qo‘pollik va ma’naviy bo‘shliq kuchayishiga olib kelayotgan ta’sirini inobatga olgan holda tartibga solish zarur.
Quyida biz kvest uylarining ta’sirchanligi va yoshlar hayotiga oson kirib borib, ularni ergashtira olish xususiyatidan ijobiy foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiya va takliflarimizni taqdim etamiz.”
1. Yoshlar salomatligi va ma’naviy xavfsizligi nuqtai nazaridan:
▪️ 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun “horror” va “ekzorsizm” janridagi kvest uylariga kirish qat’iy cheklanishi zarur.
▪️ Bolalar va o‘smirlar ishtirok etadigan kvestlar faqat ma’rifiy, ijobiy va milliy tarbiyaga xizmat qiladigan ssenariylar asosida tashkil etilishi kerak.
2. Oila va ta’lim muassasalari uchun:
▪️ Ota-onalar farzandlarining vaqtni qayerda va qanday o‘tkazayotganini kuzatib borishi shart.
▪️ Maktab va kollej pedagoglari, ayniqsa maktab psixologlari bolalardagi qo‘rquv, uyqusizlik, xavotir, agressiya kabi belgilarni erta aniqlab, psixologik yordam ko‘rsatishi lozim.
3. Jamiyat va davlat darajasida:
▪️ Ma’naviy tarbiyaga xizmat qilmaydigan, yoshlarning ruhiy salomatligiga zarar yetkazuvchi ko‘ngilochar xizmatlar ustidan nazorat kuchaytirilishi zarur.
▪️ Milliy va ma’rifiy yo‘nalishdagi kvest ssenariylarini ishlab chiqishga mahalliy prodyuserlar, ijodkorlar va pedagoglar jalb qilinishi kerak.
▪️ Jahon tajribasidan kelib chiqib bunday xizmatlar uchun davlat litsenziyasi va sertifikatlashtirish tizimi joriy etilishi maqsadga muvofiq.
▪️ Shuningdek, bolalar uchun qo‘rqinchli emas, balki ma’rifiy va tarbiyaviy qimmatga ega kvest ssenariylarini ishlab chiqishni taklif qilamiz.
4. Ilmiy tadqiqot va ta’lim sohasi uchun:
▪️ Mazkur jarayonni ilmiy tadqiqot obekti sifatida ko‘rib chiqish lozim. Bu borada ma’naviy tahdidlar, mafkuraviy ta’sir, yoshlar ruhiyati va ijtimoiy ongga ta’sirini o‘rganuvchi fundamental tadqiqotlar yo‘lga qo‘yilishi zarur.
▪️ Ilmiy izlanishlar g‘oya va mafkura, sotsiologiya, psixologiya va pedagogika yo‘nalishlaridagi tadqiqot muassasalari olimlari hamkorligida olib borilishi maqsadga muvofiq.
▪️ Kvest uylari tashkilotchilari uchun yosh toifalariga mos psixologik tavsiyalar ishlab chiqish, 18 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar uchun me’yoriy cheklovlarni joriy etish.
▪️ Bu mavzu bo‘yicha bakalavriat va magistratura talabalari uchun bitiruv malakaviy ishlari (BMI) va magistrlik dissertatsiyalari (MD) mavzusi sifatida taklif etilishi kerak. Bu orqali ilmiy kadrlar tayyorlash jarayonida ham sohaning atroflicha tadqiq etilishi ta’minlanadi.
Jahon tajribasi: Yevropa mamlakatlarida “horror” janridagi kvestlar faqat kattalar uchun cheklangan, Yaponiya va Koreyada esa maxsus litsenziya asosida ishlaydi. Bu esa yoshlar salomatligi va ma’naviy xavfsizligini ta’minlashda davlatning qat’iy pozitsiyasini ko‘rsatadi.
Maqolada keltirilgan kvest uylaridagi “qahramon”lar suratlari Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan kvest uylarining internetdagi reklama saytlaridan olingan.
Suxrob Xidirov,
Respublika Ma’naviyat vama’rifat markazi bo‘limi boshlig‘i
Ilm-fan
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q