DXX katta miqdordagi afg‘on narkotigi kontrabandasini fosh qildi

Saqlash
09:11 / 18.09.2025 30 0

Farg‘ona viloyati va Qoraqalpog‘istonda Afg‘onistondan olib kelingan katta miqdordagi narkotik moddalar musodara qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

 

Xususan, muqaddam narkokuryerlar tomonidan Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan Surxondaryo viloyati hududiga olib o‘tilgan va Yozyovon tumaniga keltirilib, dala maydonidagi xufiya joyga yashirib qo‘yilgan 9 kg 896 gr gashish moddasini qabul qilib olgan vaqtida Marg‘ilon shahrida yashovchi 1983 y.t. xususiy tadbirkor va uning 1989 y.t. jinoiy sherigi ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

 

Shuningdek, voqea joyidan qochishga uringan xususiy tadbirkorning yonida bo‘lgan 14 ming 500 dollar va 6 mln 250 ming so‘m ham protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

 

Tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu noqonuniy ishga aloqador bo‘lgan uchinchi shaxsning yashash xonadonidan 110 gr opiy moddasi, 2 ta elektron tarozi, 1200 dollar hamda 28 mln so‘m protsessual tartibda rasmiylashtirib, musodara qilindi.

 

Ta’kidlanishicha, ushbu moddalar Farg‘ona vodiysidagi iste’molchilarga sotilishi kerak bo‘lgan.

 

Afg‘oniston yo‘nalishida narkotik moddalar kontrabandasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari tomonidan yana bir tezkor tadbir o‘tkazildi.

 

Jumladan, Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanida yashovchi 1963 y.t. muqaddam narkotik moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs Xorazm viloyati Hazorasp tumanida yashovchi 1978 y.t. fuqaro bilan o‘zaro til biriktirgan. Ular kelgusida sotib, daromad topish maqsadida afg‘onistonlik narkosavdogarlarga katta miqdordagi giyohvandlik vositasi buyurtma bergan.

 

O‘z navbatida, narkokuryerlar tomonidan narkotik moddalar Afg‘onistondan Surxondaryo viloyati hududiga olib o‘tilib, keyinroq To‘rtko‘l tumanidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan.

 

O‘tkazilgan tezkor tadbirda ular xufiya joydan 6 kg 149 gr opiy moddasini va 9 kg 814 gr ko‘knori somonini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

 

Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat kodeksining 246 (Kontrabanda) va 273-moddalari (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

 

Tergov harakatlari doirasida ularning jinoiy aloqalarini aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

 

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//