AQSHda “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Saqlash
18:14 / 17.09.2025 38 0

AQSH Kongressining eng yirik va muhim ofis majmualaridan biri – “Rayburn House Office Building” binosida “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” kitobining taqdimoti o‘tkazildi. Bu haqda UzA xabar bermoqda.

 

Taqdimotda Amerika tomonidan 70 dan ziyod mehmonlar – Davlat departamenti, Kongress xodimlari, yetakchi tahlil markazlari rahbarlari, biznes, ilm-fan, madaniyat va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

 

Rasmiy qismni O‘zbekistonning AQSHdagi Elchisi Furqat Siddiqov hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ochib berdi.

 

Tadbir ishtirokchilariga kitobning mazmuni haqida batafsil ma’lumot berildi. Kitob muallifi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov haqida xorijiy mehmonlarga ma’lumot berildi. Kitobda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan so‘nggi sakkiz yilda amalga oshirilgan islohotlarning asosiy yo‘nalishlari va bosqichlari yoritilgan bo‘lib, ularning mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy rivojlanishiga ta’siri tahlil qilingan.

 

Shuningdek, so‘zga chiqqan AQSHning yetakchi akademik almashinuv muassasalaridan biri hisoblangan “American Councils” prezidenti Liza Choat o‘z nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosatining asosiy tamoyili ta’lim va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash ekanini ta’kidladi.

 

“Caspian Policy Center” tahliliy markazi ijrochi direktori Efgan Nifti o‘z chiqishida kitob O‘zbekistondagi islohotlar mohiyatini chuqurroq anglash imkonini berayotganini qayd etdi.

 

“Amerika – O‘zbekiston Savdo palatasi” ijrochi direktori Yelena Son o‘z nutqida O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida mamlakat iqtisodiyotida amalga oshirilgan keng qamrovli o‘zgarishlarni alohida e’tirof etdi. “Biznes muhitini liberallashtirish, investitsiyalar jalb qilish, erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirish, yuqori qiymatli mahsulotlar eksportini kengaytirish kabi sa’y-harakatlar milliy iqtisodiyotga yangi nafas bag‘ishladi va uni jahon bozoriga integratsiyalashuvini tezlashtirdi”, deb ta’kidladi.

 

Taqdimot doirasida AQSH rasmiylari, ekspertlar va biznes vakillari ishtirokida mazmunli muloqot ham bo‘lib o‘tdi. Ular Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar ahamiyati va ikki tomonlama munosabatlarni yanada chuqurlashtirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.

 

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//