Arashan ko‘li atrofida yiliga 1 mln sayyohni qabul qiluvchi kompleks quriladi

Saqlash
17:37 / 17.09.2025 39 0

Namangan viloyatining Pop tumanidagi Arashan ko‘li atrofida yiliga 1 million sayyohni qabul qiladigan yirik turizm kompleksi quriladi, u 1 ming 200 gektar maydonni egallaydi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar qildi.

 

16-sentabr kuni viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda mintaqada infratuzilma loyihalari va turizm salohiyatini oshirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

 

Ta’kidlanishicha, 2025-yilda Jahon banki bilan O‘rta shaharlarni rivojlantirish loyihasi doirasida “Furqat” bog‘i rekonstruksiya qilinadi. Loyihada bog‘ hududini qariyb 2 barobar kengaytirish hamda Chortoqsoy bo‘ylab 11 km uzunlikda piyodalar va velosiped ekoyo‘laklari qurish ko‘zda tutilgan.

 

Shuningdek, kompleks rivojlantirish dasturi doirasida Chortoqsoy va Katta Namangan kanali qirg‘oqlarining 7 kilometri betonlashtirilib, 30 gektar yer foydali maydonga aylantiriladi.

 

Hududning turistik salohiyati va jozibadorligini oshirish maqsadida ko‘p yillik bog‘lar bilan uyg‘un holda sanatoriy tipidagi yirik servis obyektlari barpo etiladi. “Chortoq” suv ombori atrofida turizm kompleksi, mehmonxona, restoran, dam olish va ko‘ngilochar maskanlar tashkil qilinishi aytilmoqda.

 

Bundan tashqari, turizm sohasida yirik loyihalar uchun kadrlar tayyorlash maqsadida keyingi o‘quv yilidan Avstriyaning Krems universiteti bilan Namangan davlat universiteti hamkorligida qo‘shma fakultet tashkil qilinishi ma’lum qilindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//