
Jamiyat
Endi uy-joyga muhtoj va daromadi past aholiga ipoteka tizimidan foydalanish uchun har yili 200 million dollar subsidiya ajratiladi. Bu haqida Shavkat Mirziyoyev 17-sentyabr kuni Namangan shahrida kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha “Kambag‘allikdan farovonlik sari” III xalqaro forumi ochilish marosimida so‘zga chiqqanida aytib o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, hududlarda infratuzilmani yaxshilash, odamlarga yashash uchun qulay sharoit yaratish ko‘p o‘lchovli kambag‘allikni qisqartirishda muhim qadam bo‘ladi. Shu maqsadda qariyb 3,5 million aholi yashaydigan sharoiti og‘ir 1 mingta mahallada infratuzilma yaxshilanmoqda. Natijada, shu yilning o‘zida 470 ming xonadon tomorqasiga suv bordi, yana 790 ming xonadonda elektr energiyasi ta’minoti yaxshilandi.
Kelgusi yilda mahallalarda infratuzilmani yaxshilash, ish o‘rinlarini ko‘paytirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yana 400 million dollar ajratiladi. 32 ta tuman va 328 ta og‘ir mahalla tanlanib, ularni rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi.
Shuningdek, 810 ta mahallada suv, kanalizatsiya, yo‘l, maktab va bog‘cha qurish bo‘yicha 1,3 milliard dollarlik loyihalar amalga oshiriladi. Uy-joyga muhtoj va daromadi past aholiga ipoteka tizimidan foydalanish uchun har yili 200 million dollar subsidiya ajratiladi.
Prezident xalqaro moliya institutlarini rivojlanayotgan mamlakatlarda infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishda kambag‘allikni qisqartirish talabini kiritishga chaqirdi.
Bundan tashqari, 140 ming kambag‘al oilaga shifokor biriktirib, ularni yiliga bir marta to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Endi kafolatlangan tibbiy xizmatlar ko‘paytirilib, kambag‘al oilalarning bunga sarf qiladigan xarajati 2 karra qisqartiriladi. Bunda ularga bepul dori va kafolatlangan tibbiy xizmatlar paketi taqdim etiladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi bilan manzilli ishlash kambag‘allikka qarshi kurashda asosiy yo‘nalishlardan biri. Bu tizim tubdan isloh qilinib, ilgari 6 ta davlat tashkilotida bo‘lgan vakolatlar yagona Ijtimoiy himoya milliy agentligiga birlashtirildi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Sport
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q