Shavkat Mirziyoyev: “O‘zbekistonda 2030-yilgacha mutlaq kambag‘allikka barham berishga imkonimiz bor”

Saqlash
12:58 / 17.09.2025 32 0

2030-yilga borib, O‘zbekistonda mutlaq kambag‘allikka to‘liq barham berishga barcha imkoniyat bor. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 17-sentyabr kuni Namangan shahrida kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha “Kambag‘allikdan farovonlik sari” III xalqaro forumi ochilish marosimida so‘zga chiqqanida aytib o‘tdi.

 

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi 8 yilda O‘zbekistonda inson haq-huquqini himoya qilish, munosib ish joyi bilan ta’minlash, daromadini oshirish, turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan ko‘p ishlar amalga oshirildi. Barcha sa’y-harakatlar har bir inson, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun sharoit yaratish va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratildi.

 

Eng murakkab davrda kambag‘allikka qarshi kurash davlat siyosati darajasiga olib chiqilib, umummilliy harakatga aylantirildi. Yangilangan Konstitutsiyada pensiyalar, nafaqalar va ijtimoiy yordam miqdori eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lmasligi qat’iy belgilab qo‘yilgani qayd etildi.

 

Islohotlar tufayli 7,5 million aholi kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 2024 yilda 8,9 foizga tushirildi. Yil yakunigacha uni 6 foizgacha kamaytirish maqsad qilingan. Prezidentning ta’kidlashicha, bunday natijaga erishishda o‘tgan davrda O‘zbekiston iqtisodiyoti 2 karra o‘sgani, yil yakuni bilan jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetishi muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

 

Davlat rahbari yangi tashabbus va tajribalarni sinovdan o‘tkazib, dunyodagi ijobiy yutuqlarni o‘rganib, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston modeli yaratilganini bildirdi.

 

O‘tish davrining muhim instrumenti bo‘lgan manzilli ijtimoiy daftarlar joriy etilib, barcha ehtiyojmand oilalar qamrab olinganini ta’kidladi. Xususan, pandemiya davrida 800 ming oilaga bepul dori-darmon, 255 ming oilaga oziq-ovqat mahsulotlari, yana 1 million 200 ming oilaga ijtimoiy nafaqalar berilgan.

 

Natijada 5 million 200 ming nafar odam “kambag‘allik qopqoni”ga tushib qolishdan himoya qilingan va shu bilan birga, iqtisodiy retsessiyaning oldi olingan.

 

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2030 yilga qadar kambag‘allikni ikki karra qisqartirish bo‘yicha olgan majburiyatini barvaqt bajarishga harakat qilyapti.

 

“Bir so‘z bilan aytganda, har bir mahallaga biznes muhiti, har bir oilaga farovonlik kirib borganini odamlar o‘z hayotida his etmoqda. Bunday keng ko‘lamli sa’y-harakatlarimiz hisobiga O‘zbekiston 2030 yilga qadar kambag‘allikni 2 karra qisqartirish bo‘yicha olgan majburiyatini barvaqt bajarishga harakat qilyapti.

 

2030-yilga borib, xalqaro mezonlarga ko‘ra, O‘zbekistonda mutlaq kambag‘allikka to‘liq barham berishga barcha imkoniyatimiz bor”, dedi Prezident.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//