
Jamiyat
O‘tgan yili 25-mart kuni davlat rahbari Namangan viloyatida yangi elektr stansiyalari qurilishini boshlab bergan edi. Ulardan biri – Norin GESlar kaskadining dastlabki bosqichi esa ishga tushdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifi chog‘ida ushbu energetika inshootini borib ko‘rdi.
Oxirgi yillarda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryoda o‘ndan ziyod quyosh va shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi. Shu bilan birga, qator hududlarda 450 megavattli gidroelektr stansiyalar foydalanishga topshirildi.
Hozirda “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Norin daryosida 6 ta GES kaskadi qurilishi boshlangan. Loyihaning umumiy qiymati 428 million dollardan ziyod, umumiy quvvati 228 megavatt bo‘ladi.
Birinchi bosqichda GES-1 ishga tushirildi. Eng muhimi, u to‘liq mahalliy mahsulot va uskunalar asosida barpo etildi. Shu ma’noda uni mamlakatimizdagi birinchi milliy GES deyish mumkin.
GES-1 yillik 171 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Bu yerda 130 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Loyiha natijasida 430 mingta xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanadi, yiliga 290 million kub metr gaz tejaladi. Bu iqtisodiyot uchun qariyb 300 milliard so‘mlik qo‘shimcha manfaat demakdir. Shu jihatdan “Norin GESlar kaskadi” nafaqat energetik, balki ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatga ham ega.
O‘zbekiston gidroenergetikasi tarixida ilk bor ushbu loyiha doirasida gorizontal kapsula shaklidagi gidroagregatlar joriy etildi. Ular kichik bosim sharoitida ham yuqori samaradorligi bilan ajralib turadi va milliy gidroenergetika sohasida yangi bosqichni boshlab bermoqda.
GESda suv to‘sish inshooti ham qurildi. Shuningdek, hududda ma’muriy va xizmat binolari, dispetcherlik punkti barpo etildi. Atrof muhitni muhofaza qilish va hududni obod qilish maqsadida 6 ming tup manzarali daraxt ekildi, kelgusi bahorda yana 7 ming tup mevali ko‘chat ekish rejalashtirilgan. Shu jihatlari bilan bu yer nafaqat energetika, balki ekoturizm va rekreatsiya maskaniga ham aylanadi.
Umuman, Norin GESlar kaskadi – yashil iqtisodiyotni rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan strategik loyiha hisoblanadi. 2026-yilda ikkinchi va uchinchi, 2027-yilda qolgan stansiyalar ham ishga tushiriladi. Har bir stansiyaning quvvati 38 megavatt bo‘lib, ularning faoliyatida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi.
Sport
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Madaniyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q