8 oylik tekshiruv: MTTlarda 9 tonnadan ortiq sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari aniqlandi

Saqlash
17:03 / 16.09.2025 8 0

Joriy yilning yanvar-avgust oylarida Maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi oziq-ovqat mahsulotlarining 9 tonnadan ortigʻi sifatsiz deb topilgan. Bu haqda Sanitariya epidemiologiya qoʻmitasi xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, qoʻmitaning hududiy boshqarmalari 8 oy davomida amaldagi qoida va normativlari asosida 3554 ta bogʻchada rejali tekshiruvlar oʻtkazgan.

 

Tekshiruv davomida Kimyoviy tahlillar uchun 83231 ta naʼmunadan 4110 tasi, bakteriologik tahlillar uchun olingan 88203 ta naʼmunadan 9027 tasi talabga javob bermasligi aniqlangan.

 

Tarbiyalanuvchilar ovqatlanishini toʻgʻri va xavfsiz tashkil etilganligi yuzasidan nazorat amalga oshirilganida, mikrobiologik koʻrsatkichlarga tayyor oziq-ovqat mahsulotlaridan 8122 ta namunadan 323 tasi, ichimlik suvidan 4461 ta namunadan 237 tasi talabga javob bermagan.

 

Kimyoviy tahlillar natijasiga koʻra, 4986 ta namunadan 878 tasida ovqat toʻyimlilik darajasi pastligi, 12301 ta namunadan 257 tasida (sabzavotlarda) nitrat qoldiqlari, osh tuzida yod miqdorini aniqlash uchun 2321 ta namunalardan 718 tasida esa yod miqdori kamligi aniqlangan.

 

Shuningdek, MTTlardagi guruhlarda harorat va yorugʻlik meʼyorlari tekshirilganida, 23 425 ta holatdan 1658 tasida harorat talab darajasida emasligi va 43 665 ta holatdan 2559 tasida yoritish darajasi pastligi aniqlangan.

 

Qayd etilishicha, MTTlarda sanitariya sohasida qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻygan masʼul shaxslarga nisbatan jazolar qoʻllanilgan. Xususan, 3705 ta holatda maʼmuriy choralar (jarimalar) qoʻllanildi, 110 ta muassasa ish faoliyati vaqtincha toʻxtatildi, 446 nafar ishchi-xodimlar tibbiy koʻrikdan oʻz vaqtida oʻtmaganligi sababli ishdan vaqticha chetlatildi. 9486,4 kilogrammdan ortiq miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlari brakeraj qilindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//