Milliy maʼlumotlar boshqaruvi tizimi yaratiladi

Saqlash
16:33 / 16.09.2025 55 0

11-sentyabr kuni Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi tomonidan Maʼlumotlarni boshqarishning milliy tizimi toʻgʻrisidagi qonun loyihasi jamoatchilik uchun eʼlon qilingan.

 

Hujjatga koʻra, qonun davlat organlari tomonidan yigʻiladigan barcha maʼlumotlarga nisbatan umumdavlat yondashuvini joriy qilish hamda davlat organlarida raqamli maʼlumotlarni yigʻish, shakllantirish, almashish, qayta ishlash, saqlash va ulardan foydalanishda yagona yondashuvni taʼminlashni maqsad qilgan.

 

Bunda qonunchilikka ishonchli maʼlumotlar manbai, maʼlumotlar yetukligi, maʼlumotlar monetizatsiyasi, maʼlumotlar sifati standartlari, maʼlumotlarni boshqarishning milliy tizimi doirasida strategik rejalashtirish kabi tushunchalar kiritiladi

 

Loyiha tushuntirish xatida taʼkidlanishicha, hozirda maʼlumotlardan foydalanish va almashish tizimi yetarlicha shakllanmagan boʻlib, boshqaruv qarorlarni qabul qilishda aniq va dolzarb maʼlumotlar yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Muammo va kamchiliklar miqyosi notoʻgʻri baholanishi natijasida muayyan sohalarni rivojlantirish va ular boʻyicha oʻrta, uzoq muddatga moʻljallangan strategik rejalashtirish hujjatlarini ishlab chiqishda mavhumlik va xatoliklar yuzaga kelgan. Davlat organlari oʻz ehtiyojlaridan kelib chiqib, alohida maʼlumot yigʻishi maʼlumotlarning turli shakllarda va standartlarga muvofiq boʻlmagan holda boʻlishiga olib kelmoqda, shuningdek, sohalar boʻyicha aniq tahlillar olib borishga toʻsqinlik qilmoqda.

 

Qolaversa, davlat organlari oʻrtasida maʼlumotlar almashish uchun umumdavlat yondashuv joriy etilmagan. Qarorlar boshqa sohalar bilan bogʻlanmagan va muvofiqlashtirilmagan holda davlat organlari tomonidan qabul qilinmoqda.

 

Loyiha bilan maʼlumotlarni boshqarishning milliy tizimi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilanmoqda:

 

  • - maʼlumotlarni boshqarish strategiyasini ishlab chiqish va joriy qilish hamda maʼlumotlardan jamiyat manfaatlari yoʻlida oqilona foydalanishni taʼminlash;
  • - maʼlumotlarni qayta ishlash markazlari, bulutli platformalar, davlat axborot tizimlari va axborot ekotizimining boshqa elementlarini rivojlantirish orqali infratuzilmani joylashtirishni rejalashtirish va muvofiqlashtirish;
  • - raqamli transformatsiya doirasida ishonchli maʼlumotlar asosida qarorlar qabul qilish uchun maʼlumotlarni tahlil qilishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish;
  • - davlat boshqaruvining turli darajalarida maʼlumotlardan foydalanish maqsadida davlat axborot tizimlari va standartlarining oʻzaro muvofiqligini taʼminlash;
  • - fuqarolar va davlat organlari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni soddalashtirish maqsadida raqamli xizmatlarni rivojlantirish;
  • - maʼlumotlarning umuminsoniy qadriyatlar sifatidagi ahamiyatini oshirish maqsadida odob-qoida meʼyorlarni rivojlantirish va huquqni qoʻllash tizimini takomillashtirish;
  • - maʼlumotlardan gʻayriqonuniy foydalanish xavfini minimallashtirish uchun maʼlumotlardan masʼuliyatli foydalanish qoidalarini belgilash va suiisteʼmol qilishning oldini olish;
  • - maʼlumotlarni yigʻish, shakllantirish, almashish, qayta ishlash, saqlash va foydalanish uchun qoʻllaniladigan standartlar, normativlar va texnologiyalarni muntazam ravishda qayta koʻrib chiqish va yangilab borish.

 

Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlarni boshqarishning milliy tizimi sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilanadi. Ushbu milliy tizimni rivojlantirish masalalari boʻyicha tegishli ishlarni muvofiqlashtirish uchun Maʼlumotlarni boshqarishning milliy kengashi tashkil etiladi.

 

Kengash tarkibi tegishli davlat organlari, ilmiy-tadqiqot markazlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari, mahalliy va xalqaro ekspertlar hamda tadbirkorlar orasidan tuziladi.

 

Milliy kengashning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

 

  • maʼlumotlar bilan ishlash strategiyasini belgilash va uni kengroq milliy maqsadlar va xalqaro majburiyatlarga mos kelishilishini taʼminlash;
  • maʼlumotlar sifati koʻrsatkichlari roʻyxatini tasdiqlash;
  • maʼlumotlarni boshqarishning milliy tizimini xalqaro sifat standartlariga muvofiqligini taʼminlash boʻyicha davlat organlariga tavsiya va koʻrsatmalar berish;
  • idoralararo hamkorlikni muvofiqlashtirish hamda maʼlumotlar almashinuvi va ulardan foydalanish masalalari boʻyicha nizolarni hal etish;
  • maʼlumotlarni boshqarish va ulardan foydalanish boʻyicha uzoq muddatli maqsadlarni belgilash;
    axborot va resurslarning maqbul almashinuvini taʼminlash maqsadida turli darajadagi davlat organlari va xususiy sektor oʻrtasidagi hamkorlikni uygʻunlashtirish;
  • maʼlumotlar monetizatsiyasi uchun narxlarni va kelib tushgan mablagʻlarning adolatli taqsimotini belgilash;
    davlat organlarida maʼlumotlar yetukligi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni eshitish;
  • maʼlumotlarni boshqarishning milliy tizimi sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalari bilan hamkorlik qilish.

 

Mamlakat va tarmoqlarning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi koʻrsatkichlarini shakllantirishda foydalaniladigan maʼlumotlar, rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha milliy indikatorlar, joriy registrlar va davlat axborot tizimlarining maʼlumotlari, asosiy ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlar, Oʻzbekiston ishtirok etayotgan xalqaro statistik tadqiqot va soʻrovlar natijalari va xalqaro majburiyatlarni bajarish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar tizimni shakllantiruvchi maʼlumotlar hisoblanadi.

 

Loyihaga koʻra, ishonchli maʼlumotlar manbai quyidagilardan iborat:

 

  • davlat maʼlumotlar bazalari;
  • tarmoq standartlari boʻyicha tashkilotlar;
  • rasmiy davlat elektron reyestrlari;
  • ilmiy-tadqiqot markazlari, oliy taʼlim muassasalarining tasdiqlangan maʼlumotlar toʻplami.

 

Oʻz sohalardagi vakolatli davlat organlari qoʻshimcha ishonchli maʼlumotlar manbalarini aniqlash tartibini belgilaydi.

 

Qonun doirasida yigʻilgan maʼlumotlar uzoq, oʻrta va qisqa muddatga moʻljallangan strategik rejalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish va ularga tuzatishlar kiritish, shuningdek ularni mamlakatning ustuvor maqsadlari bilan uzviy bogʻlash uchun qoʻllaniladi.

 

Davlat organlari tomonidan davlat siyosatini rejalashtirish va baholashda joriy vaziyatni tahlil qilish, prognozlashtirish va ijro nazoratini amalga oshirishda dolzarb maʼlumotlardan foydalanilishi shart.

 

Tizimni shakllantiruvchi maʼlumotlardan tezkor foydalanish va tahlil qilish maqsadida davlat siyosati va davlat dasturlari ijrosi samaradorligini monitoring qilish va baholash uchun yuqori darajadagi Boshqaruv maʼlumotlar paneli yaratilishi mumkin.

 

Panel davlat siyosati va davlat dasturlari ijrosining joriy holatini baholash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni yigʻish, qayta ishlash va tahlil qilish, shuningdek, tegishli sohadagi davlat siyosatini takomillashtirish va unga tuzatishlar kiritish maqsadida yaratiladi. Panel maʼlumotlaridan Oʻzbekiston Oliy Majlis palatalari, Hisob palatasi tomonidan davlat siyosati va davlat dasturlari samaradorligini dastlabki, oraliq va yakuniy baholash uchun foydalaniladi.

 

Maʼlumotlarni boshqarishning milliy tizimi davlat organlari va davlat xizmatchilari faoliyatini baholashga hamda kelgusida davlat organlarini moliyalashtirilishini taʼminlashga xizmat qiladi.

 

Maʼlumotlar ishlab chiqaruvchilarga texnik infratuzilmani yaratish va saqlash, kadrlar malakasini oshirish, operatsion xarajatlarni qoplash uchun maʼlumotlar monetizatsiyasiga ruxsat beriladi. Bunda, maʼlumotlar monetizatsiyasi maʼlumotlar ishlab chiqaruvchilar tomonidan foyda olishni nazarda tutmaydi. Shaxsga doir maʼlumotlar, davlat sirlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oʻz ichiga olgan maʼlumotlar monetizatsiyasiga yoʻl qoʻyilmaydi.

 

Asoslantirilmagan takrorlanishlarga yoʻl qoʻymaslik hamda davlat organlarining maʼmuriy yukini kamaytirish maqsadida yuqori turuvchi tashkilotlardan axborot olishga qaratilgan spontan (kutilmagan) soʻrovlarni kamaytirish uchun maʼlumotlardan markazlashgan holda foydalanish vositalari yaratiladi.

 

Davlat organlaridan axborot tizimlarini yuritishda yangi, dolzarb maʼlumotlar toʻplamini yaratish majburiyati talab etiladi. Davlat organlariga maʼmuriy maʼlumotlarni qogʻoz shaklda yuritish, yigʻish, hisobga olish va taqdim etish taqiqlanadi.

 

Loyihaga koʻra, maʼlumotlar ochiq va jamoat manfaati yoʻlida foydalanilib, barqaror rivojlanish va ijtimoiy adolatga xizmat qilishi lozim. Muhim ijtimoiy, iqtisodiy va ilmiy ahamiyatga ega boʻlgan hamda davlat sirlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oʻz ichiga olmagan maʼlumotlar jamoat manfaatlari sifatida tan olinadi.

 

Davlat organlari tomonidan yigʻilgan barcha maʼlumotlar ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash, asoslangan qarorlarni qabul qilish va iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirishni oʻz ichiga olgan jamoat manfaati uchun foydalanilishi kerak.

 

Maʼlumotlarni boshqarish jarayonida davlat organlarida operatsion maʼlumotlar bazalari saqlanadi, bunda xizmatlar koʻrsatish uchun maʼlumotlar almashinuvi markazlashtirilgan holda yagona elektron hukumat platformasi orqali amalga oshiriladi.

 

Maʼlumotlar tahlili uchun yaratiladigan Markazlashtirilgan maʼlumotlar ombori yagona elektron hukumat platformasi orqali davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha joriy maʼlumotlar almashinuvini toʻldiradi. Markazlashtirilgan maʼlumotlar ombori standartlashtirilgan hisobotlarni, vizuallashtirish vositalarini va real vaqtda tahlillarni qoʻllab-quvvatlaydi.

 

Mavjud registrlar va axborot tizimlaridan olingan maʼlumotlar muntazam tekshirilib va yangilanib, avtomatik tarzda Markazlashtirilgan maʼlumotlar omboriga yuklanadi.

 

Milliy kengash vakolatli organ bilan kelishilgan holda maʼlumotlar sifati koʻrsatkichlari roʻyxatini tasdiqlaydi.

 

Strategik islohotlar agentligi har yili maʼlumotlar sifati koʻrsatkichlaridan kelib chiqqan holda davlat organlarining ushbu qonun talablariga rioya etish reytingini shakllantiradi. Reyting natijalari keyingi tahlil va takliflar ishlab chiqish uchun Milliy kengashga yuboriladi.

 

Maʼlumotlarni boshqarishning milliy tizimi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//