
Jamiyat
Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji va aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida Namangan viloyatiga keldi, deb xabar beradi Prezident matbuot xizmati.
Viloyatda 140 million dollar investitsiya hisobiga yangi terminallar barpo etilayotgani maʼlum qilindi. Davlat rahbarining viloyatga 2024-yilgi tashrifi chogʻida loyiha taqdimoti oʻtkazilgan edi. Bugungi esa qurilish ishlari jadal ravishda olib borilayotgani taʼkidlanadi.
Qayd etilishicha, joriy aeroport turistlar oqimiga kichiklik qilib, hozir qurilayotgan 3 qavatli yangi terminalda yoʻlovchi tashish quvvati 2,5 karra oshadi. Chegara nazorati va viza boʻlimlari, biznes zali, savdo va ovqatlanish shoxobchalari, tibbiyot xonasi, Duty free doʻkonlari zamonaviy tashkil etiladi.
Shuningdek, aeroportda ulkan yuk terminali qurilmoqda. U kuniga 50 tonna yuk tashish va 90 ta mamlakatga eksport qilish imkonini beradi. Eng muhimi, bu orqali vodiyda yagona kargo tizimi yaratiladi. Hududning biznes, eksport va tranzit salohiyati oshadi. Masalan, bu yil Namangan viloyatiga 1,5 million xorijiy va 2 milliondan ortiq mahalliy sayyohlarni jalb qilish, xizmatlar eksportini 210 ming dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Aeroportda maxsus servis texnikalari ham yangilanadi. Bu turli hajmdagi samolyotlarni qabul qilish va ularga xizmat koʻrsatish imkonini beradi. Shuningdek, keytering, yonilgʻi quyish majmuasi va boshqa xoʻjalik binolari quriladi. Yangi terminallar kelgusi yil ishga tushirilishi koʻzda tutilgan.
Davlatimiz rahbari aeroport atrofidagi infratuzilmani unga mutanosib rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Dunyoning ilgʻor tajribasidagi kabi, aeroport atrofida mehmonxonalar, savdo va koʻngilochar majmualar, barcha zamonaviy xizmatlar boʻlishi zarurligi taʼkidlandi. Avtoturargoh va servis obyektlari tashkil etib, mehmonlar uchun qulayliklarni kengaytirish vazifasi qoʻyildi.
Jamiyat
Siyosat
Jahon
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q