Jinoyatlardan jabr ko‘rayotgan bolalar soni ortib bormoqda

Saqlash
10:15 / 15.09.2025 28 0

O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari ortib bormoqda.

 

Ijtimoiy himoya milliy agentligi(IHMA ) direktori Mansurbek Olloyorovning bergan ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2025-yilning yanvar-avgust oylarida 2872 nafar bola turli jinoyatlardan jabrlangan bo‘lib, ularning 42,7 foizini 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etadi.

 

Tahlillar bolalarning 1475 nafari – ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, 956 nafari – uncha og‘ir bo‘lmagan, 284 nafari – og‘ir va yana 157 nafari o‘ta og‘ir jinoyatlardan jabrlanganini ko‘rsatgan.

 

 

Olloyorov muammoga yechim sifatida sukut saqlash madaniyatiga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashgandek qat’iyat bilan kurashish zarurligi haqida gapirgan.

 

“Agentlikning ishonch telefoniga kelgan murojaatlar o‘tgan yilga nisbatan uch barobarga oshdi va bu ko‘rsatkich o‘sishda davom etmoqda. Xususan, ishonch telefoniga kelib tushgan 340 ta murojaatdan 159 tasi qonun talablariga muvofiq o‘rganib chiqildi. Qolgan 181 ta murojaat bo‘yicha operatorlar tomonidan turli xil psixologik va yuridik xizmatlar ko‘rsatildi”, degan IHMA direktori.

 

Bundan tashqari, Olloyorov bolalarga qarshi jinoyatlar bo‘yicha qonunchilikka kiritilayotgan ayrim yangi normalarni sanab o‘tar ekan, qonun faqat qog‘ozligi, aslida qonunning qiymati amaliyot bilan, shuningdek, jamiyatning jabrlanuvchilardan yuz o‘girmasdan, balki ularni qo‘llab-quvvatlashga qanchalik tayyorligi bilan belgilanishini ta’kidlagan.

 

Xabarga ko‘ra, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov zo‘ravonlikning tagida ijtimoiy muammolar yotganini ma’lum qilgan.

 

“Hurmatli hamkasblar, bugun men ijtimoiy himoya tashkilotlari xodimlari, sud, prokuratura, ichki ishlar, ta’lim organlari, shuningdek, fuqarolik jamiyati vakillariga murojaat qilmoqdaman. Faqat kuchlarni birlashtirish orqali biz qonunlar va xalqaro majburiyatlarni har bir bola, har bir ayol va har bir oilani himoya qilish hamda qo‘llab-quvvatlashni ta’minlaydigan haqiqiy harakatlarga aylantira olamiz”, degan u.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//