Oʻqituvchilar kuni munosabati bilan barcha pedagog va maktab xodimlariga mukofot puli beriladi

Saqlash
11:02 / 14.09.2025 58 0

 

Prezidentning 2025-yil mart oyidagi farmoni bilan Vazirlar Mahkamasining “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2019-yil 30-sentyabrdagi 823-son qaroriga oʻzgartirish kiritilgandi.

 

Unga koʻra, umumtaʼlim muassasalari xodimlari, shu jumladan, rahbar xodimlari faqat 1-oktyabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan jamgʻarmaning mavjud mablagʻlari hisobidan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 75 foizigacha miqdorida mukofotlanishi mumkin. Ilgari oʻqituvchilar mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 50 foizigacha miqdorida mukofot olgan.

 

Bunda mukofotlash davrida mukofot miqdori umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini ragʻbatlantirishning direktor jamgʻarmasining amaldagi moliyaviy holatidan kelib chiqib, uning mavjud mablagʻlari doirasida belgilanadi.

 

Yangi oʻzgarishdagi -gacha qoʻshimchasi maksimal chegarani anglatadi, lekin bu hamma xodimlar 75 foiz mukofot oladi, degani emas. Qayerdadir 75, qayerdadir 60, qayerdadir 50 foiz berilishi mumkin. Direktor jamgʻarmasida qancha pul borligiga qarab, mukofot miqdorlari farq qiladi, barcha maktabda oʻqituvchilar bir xil mukofot olmasligi mumkin.

 

“Mukofotning eng maksimal miqdori mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 75 foizigacha, yaʼni 953 ming 250 soʻm boʻladi, bundan koʻp mukofot berish mumkin emas, lekin moliyaviy imkoniyati boʻlmasa, bundan kam berish mumkin”, deya izoh berdi huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev.

 

Bayram munosabati bilan mukofot faqat oʻqituvchilarga emas, balki barcha xodimlarga beriladi. Yaʼni rahbar va texnik-xizmat koʻrsatuvchi xodimlar ham mukofot oladi.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bu borada 12-sentyabr kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri, viloyatlar va Toshkent shahri maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarma boshliqlariga koʻrsatma xati yoʻllagan.

 

 

Xatda barcha xodimlarga, shu jumladan, rahbar, texnik-xizmat koʻrsatuvchi xodimlarni ushbu bayram munosabati bilan mavjud mablagʻlar doirasida mukofotlash (har oylik belgilangan ustama miqdorini inobatga olgan holda) choralarini koʻrish soʻralgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//