Shavkat Mirziyoyev Isroilning Dohaga zarbalarini qoraladi

Saqlash
09:10 / 13.09.2025 36 0

 

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-sentabr kuni Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

 

Muloqot avvalida Shavkat Mirziyoyev “yaqinda Isroil tomonidan Qatar poytaxti Doha shahriga uyushtirilgan raketa zarbalarini keskin qoraladi”, deyiladi xabarda.

 

Prezident “Qatar mustaqilligi va suverenitetini buzadigan, uning xavfsizligiga tahdid soladigan bunday nomaqbul xatti-harakatlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi, xalqaro huquqning asosiy qoida va tamoyillariga zid”ligini ta’kidlagan.

 

Davlat rahbari O‘zbekiston xalqaro munosabatlarda kuch ishlatishning har qanday shakliga va Yaqin Sharqdagi vaziyatning yanada keskinlashishiga olib keladigan qadamlarga qarshi ekanini ta’kidladi.

 

Tomonlar O‘zbekiston-Qatar munosabatlarining turli sohalardagi masalalarini muhokama qildi. Shavkat Mirziyoyev Qatar tashabbusi bilan chaqirilgan favqulodda arab-islom sammiti muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.

 

Qatar amiri ko‘rsatilgan birdamlik va qo‘llab-quvvatlash uchun chuqur minnatdorlik bildirdi, deyiladi bayonotda.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//