
Madaniyat
Tarixiy manbalarga qaraganda, mamluklar sultoni Nasriddin Faraj elchilari Amir Temurga atab oltita tuyaqush va yana bir noyob hayvon hadya qilib olib kelgan edi. O‘sha davrlarda deyarli barchaga yangilik bo‘lgan ushbu hayvon ispan elchisi Klavixoni ham hayratga solgan va u bu haqda xotiralarida ham yozib qoldirgan.
“Zafarnoma” qo‘lyozmasidagi miniatyuralarning birida Temur saroyida elchilarni qabul qilish jarayoni aks etgan. Bu voqea Kastiliya qiroli saroyidan kelgan ispan elchisi Klavixoning xotiralarida ham bayon etilgan.
Rui Gonsales de Klavixoning Amir Temur yurtiga — Samarqandga qilgan elchilik sayohati 1403-yilning 22-mayida boshlanib, 15 oy deganda manzilga yetib keladi. U Erondagi Xoy shahriga kelganida sovg‘a-salomlar ortilgan o‘n beshtacha tuya bilan yigirmaga yaqin suvoriy qo‘riqchiligida yo‘lga chiqqan mamluklar sultoni Nasriddin Faraj elchilarini ham uchratadi. Ular Amir Temurga atab oltita tuyaqush va bitta jirafa olib bormoqda edi.
Klavixo yozishicha, 1404-yil iyun oyi boshlarida Temur Misr sultonining elchilarini Eronning shimoliy-g‘arbidagi shaharda qabul qilgan. Elchilar hukmdorga olib kelgan qimmatbaho sovg‘alarni, jumladan o‘sha davr uchun noyob hayvon — jirafani topshiradi.
U Temur saroyidagi marosimlarni ko‘p marotaba hayrat bilan tasvirlagan bo‘lsa-da, aynan jirafa uning e’tiborini tortgan. Ilgari hech qachon bunday jonzotni ko‘rmagani uchun u uni atroflicha tavsiflab, “bu jonivor haqiqatan ham hayratlanarli” deya ta’rif bergan.
Klavixo o‘z kundaligida jirafani quyidagicha ta’riflaydi: “Jirafaning gavdasi ot gavdasiga teng, bo‘yni juda daroz, oldingi oyoqlari keyingisiga nisbatan ancha uzun, oyog‘i ho‘kiznikiga o‘xshash qo‘shtuyoq edi... Uzun bo‘ynini istagancha cho‘zib, besh-olti metr balandlikdan ham o‘ziga yemish topa olardi. Jirafa o‘zi xush ko‘radigan baland daraxtlarning barglaridan oziqlanadi. Xullas, birinchi bor ko‘rgan kishi uchun jirafa haqiqatan ham g‘aroyib hayvon edi”.
“Zafarnoma”dan joy olgan ushbu miniatyura 1436-yilda Sherozda yaratilgan va hozir turli kolleksiyalarda saqlanadi. Ikki sahifalik kompozitsiya Amir Temurning nabirasi Ibrohim Sulton uchun maxsus ko‘chirilgan.
Endilikda mazkur nodir asar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitishi kutilmoqda.
Siyosat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q