
Jamiyat
Prezidentning 10-sentabrdagi farmoni bilan 2025−2026 oʻquv yilidan pedagogika yoʻnalishi talabalari uchun Abdulla Avloniy nomli davlat stipendiyasi taʻsis etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Yangi stipendiya tashkil etilishigan koʻzlangan maqsad – pedagogika yoʻnalishidagi OTMlarida tahsil olayotgan, ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shugʻullanayotgan hamda akademik oʻzlashtirishda yuqori koʻrsatkichlar qayd etgan iqtidorli talabalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hisoblanadi.
Farmonga muvofiq, Abdulla Avloniy nomli davlat stipendiyasi pedagogika yoʻnalishidagi har bir OTMning bakalavriat bosqichida tahsil olayotgan oxirgi ikki kurs talabalaridan 1 nafariga tayinlanadi. Stipendiya miqdori – 1 461 028 soʻm (odatdagi stipendiyadan 839 572 soʻmga koʻp).
Abdulla Avloniy nomli davlat stipendiyasi kimga va nima uchun beriladi?
Ayni vaqtda OTM bakalavriat bosqichida tahsil olayotgan oxirgi ikki kurs talabalari uchun qator davlat stipendiyalari mavjud. Xususan, texnika yoʻnalishlarida – Beruniy, tibbiyot yoʻnalishlarida – Ibn Sino, gumanitar yoʻnalishlarda – Navoiy, tarix va geografiya yoʻnalishlari uchun – Bobur nomidagi davlat stipendiyalari mavjud. Lekin pedagogika yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalar uchun maxsus davlat stipendiyasi taʻsis etilmagandi.
Mazkur stipendiya 1993-yil 5-fevraldagi prezident farmonida belgilangan talablar asosida tayinlanadi. Unga koʻra, davlat stipendiyalariga daʻvogar talabalar barcha fanlardan oʻzlashtirish koʻrsatkichlari “aʻlo” (koʻpi bilan 25 foizi “yaxshi”) boʻlishi hamda ijodiy ishda ishtirok etadigan bakalavriat bosqichining oxirgi ikki kursida (yuqori kurs) tahsil olayotgan boʻlishi talab etiladi.
Ayni vaqtda Abdulla Avloniy nomli davlat stipendiyasiga respublikada pedagogika yoʻnalishida taʻlim beruvchi 13 ta OTMning 74 480 nafar yuqori kurs talabalari nomzod boʻlishi mumkin.
Mazkur tashabbus davlat rahbarining 2024-yil 30-sentabrida pedagoglar bilan oʻtkazgan muloqoti davomida soha xodimlari tomonidan bildirilgandi. Shuningdek, 8-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan taʻlim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimotda ham tilga olingandi.
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Ilm-fan
Siyosat
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q