
Iqtisod
Oʻzbekiston Markaziy banki boshqaruvi 11-sentabrdagi yigʻilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning ikkinchi choragida shakllangan iqtisodiy faollik va isteʼmol talabi yuqori surʼatlarining narxlarga oshiruvchi taʼsirlari davom etdi. Shu bilan birga, oʻtgan yilgi baza taʼsirlari chiqib ketishi hisobiga avgust oyidan inflyatsiya pasaya boshladi. Markaziy bank boshqaruvi inflyatsion jarayonlarning sekinlashishi va bazaviy inflyatsiyani pasayuvchi trayektoriyasida davom etishini taʼminlash maqsadida asosiy stavkani oʻzgarishsiz saqlab qoldi.
Avgust oyida umumiy inflyatsiya iyulga nisbatan biroz pasayib, yillik hisobda 8,8 foizni tashkil etdi. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari oʻsishining sekinlashishi hisobiga bazaviy inflyatsiya 7,6 foizgacha pasaydi. Shu bilan birga, yalpi talabning yuqori darajada saqlanishi sharoitida energiya narxlari oshishining ikkilamchi taʼsirlari xizmatlar inflyatsiyasining yuqori shakllanishida namoyon boʻlmoqda. Soʻnggi oylarda mavsumiy omillar hamda almashuv kursining barqarorlashuvi hisobiga aholi va tadbirkorlar inflyatsion kutilmalarida pasayish tendensiyasi kuzatilgan boʻlsada, mazkur kutilmalar umumiy inflyatsiya darajasidan yuqori boʻlib qolmoqda.
2025-yilning birinchi yarmida iqtisodiy oʻsish 7,2 foizgacha tezlashdi. Bunda, xizmatlar sohasining yuqori surʼatlari bilan birga sanoat, qurilish va qishloq xoʻjaligi tarmoqlarida ham sezilarli oʻsish qayd etildi. Transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmining barqaror oʻsishi, iqtisodiyotda kreditlash surʼatlarining jadallashuvi, byudjet xarajatlarining oʻsishi hamda investitsion faollikning yuqori boʻlishi yalpi talabni faol ragʻbatlantiruvchi omillardan boʻlmoqda.
Shu bilan birga, xalqaro savdodagi cheklovlar va oʻzaro aloqalarga kiritilgan oʻzgarishlar tufayli global inflyatsiyaning pasayishi kutilganidan sekin kechayotgani, jahonda oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshayotgani hamda asosiy savdo hamkor davlatlardagi inflyatsiya darajasining target koʻrsatkichlaridan yuqori shakllanganligi kelgusida import inflyatsiyasining kuchayishiga olib kelishi mumkin.
Asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yigʻilishi 2025-yil 23-oktyabr kuniga belgilandi.
Jamiyat
Ilm-fan
Siyosat
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q