
Jamiyat
Dunyo boʻylab birinchi marta bolalar va oʻsmirlar oʻrtasida semizlik darajasi vazn yetishmovchiligi darajasidan oshib ketdi. Bu haqda BMT bolalar jamgʻarmasi (YUNISEF) hisobotida aytib oʻtilgan.
Soʻnggi maʻlumotlarga koʻra, 5 dan 19 yoshgacha boʻlgan har beshinchi bola yo oʻsmir – yoki butun dunyo boʻylab 391 million bola – ortiqcha vaznga ega. Ularning sezilarli qismi semizlikdan aziyat chekmoqda. Biroq kam va oʻrta daromadli mamlakatlarda besh yoshgacha boʻlgan bolalar orasida kam ovqatlanish jiddiy muammoligicha qolyapti.
Hisobotda 190 dan ortiq mamlakat maʻlumotlari mavjud. Tadqiqotchilar 2000-yildan beri 5 dan 19 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻrtasida vazn yetishmovchiligining tarqalishi 13 foizdan 9,2 foizga kamayganini, semizlik koʻrsatkichlari esa 3 foizdan 9,4 foizga oshganini aniqladi.
Hisobotda aytilishicha, bugungi kunda ortiqcha vazn Markaziy va Janubiy Afrika hamda Janubiy Osiyodan tashqari, dunyoning barcha mintaqalarida vazn yetishmovchiligidan koʻra keng tarqalgan.
Dunyoda bolalar va oʻsmirlar orasida semizlikning eng yuqori koʻrsatkichlari Tinch okeanidagi orol-davlatlar – Niue (38 foiz), Kuk orollari (37 foiz) va Nauruda (33 foiz) qayd etilgan. Tadqiqotchilarning fikricha, bu koʻrsatkichlar anʻanaviy ovqatlanishdan import qilinadigan arzon va yuqori kaloriyali mahsulotlarga oʻtilgani bilan bogʻliq.
Oziqlanish bolalarning oʻsishi, aqliy rivojlanishi va ruhiy salomatligida muhim rol oʻynaydigan bir paytda ultra qayta ishlangan mahsulotlar meva, sabzavot va oqsillarni tobora koʻproq almashtirmoqda, taʻkidladi YUNISEF.
YUNISEF bolalarning ovqatlanish ratsionini, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlarini markirovkalash, ayrim mahsulotlar marketingini cheklash va maktablarda ultra qayta ishlangan mahsulotlar va zararli yeguliklar sotishni taqiqlash orqali yaxshilash choralarini koʻrishga chaqirdi.
Siyosat
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q