UzAuto Motors sakkizta yangi avtomobil modelini taqdim etadi

Saqlash
15:48 / 10.09.2025 185 0

UzAuto Motors yaqin kelajakda avtomobil bozoriga sakkizta yangi model chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya bosh direktori Yanosh Kovach YouTube’dagi “Sherzodxon Qudratxo‘ja bilan…” loyihasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston bozori “to‘liq bozor iqtisodiyoti”ga o‘tmoqda. “Bu esa xaridor uchun tanlov paydo bo‘lganini anglatadi. 15 yil oldin bu yerda ishlaganimda vaziyat butunlay boshqacha edi. Endi bozor ancha diversifikatsiyalashgan. Xitoy va Koreya mashinalari kirib kelmoqda. Yangi brend va modellar paydo bo‘lyapti. Bu raqobat biz uchun qiyinchilik tug‘dirsa-da, xaridor uchun foydali”, deydi Kovach.

 

U sohadagi texnologiyalar ham o‘zgarib borayotgani — bozorda iste’molchilar orasida talab katta bo‘lgan elektromobillar tobora ko‘payib borayotganini ta’kidladi.

 

Kovachning so‘zlariga ko‘ra, UzAuto Motors yaqin yillarda o‘z modellari qatorini, ayniqsa, SUV (sport utility vehicle yoki yirik yo‘ltanlamas avtomobil) segmentini kengaytiradi.

 

SUV tipidagi mashinalarga misollar: Chevrolet Equinox, Hyundai Tucson, Kia Sportage, Toyota RAV4, Volkswagen Tiguan.

 

“Biz model qatorimizni kengaytirmoqdamiz, ayniqsa, SUV, ya’ni keng imkoniyatli katta avtomobillar bozoriga yangi modellar bilan chiqish niyatidamiz. Hozir sakkizta yangi modelni ishlab chiqilmoqda va ular tez orada bozorga taqdim etiladi”, dedi u.

 

Shuningdek, kompaniya rahbari eksport strategiyasi asosiy yo‘nalish bo‘lib qolayotgani va 2025-yilning o‘tgan davrida UzAuto Motors xorijga 23 mingta avtomobil yetkazib berganini ta’kidladi.

 

“Biz Markaziy Osiyo — Qozog‘iston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Tojikiston bozorlariga chiqyapmiz. Shuningdek, Mo‘g‘uliston va Gruziya kabi yangi bozorlarni o‘rganyapmiz”, dedi Yanosh Kovach.

 

UzAuto Motors kompaniyasi bosh direktorining savdo va avtoservis bo‘yicha o‘rinbosari Vadim Artamonovning ma’lum qilishicha, kompaniya so‘nggi oylarda ishlab chiqarilishi pasayib borayotgan Chevrolet Cobalt flagman modelining yangilangan versiyasini tayyorlamoqda.

 

“Biz o‘z flagmanimiz, ya’ni asosiy modelimiz — Chevrolet Cobalt’ni jiddiy yangilayapmiz. Juda yaqin orada bu mijozlarga taqdim etiladi. Unda zamonaviy bozor talablari asosida bir qator zamonaviy opsiyalar qo‘shildi”, dedi u.

 

Shuningdek, uning aytishicha, UzAuto Motors tomonidan Xorazm viloyatidagi Damas zavodida kichik tijorat avtomobili ustida ham ish olib borilmoqda. Ushbu modelni yirik blokli yig‘ish 2026-yilga mo‘ljallangan.

 

Shu yilning may oyida prezident 100 mln dollar hisobiga 7 o‘rindiqli Yevro-5 standartidagi yangi avtomobillar ishlab chiqarilishini ma’lum qilgan edi.

 

“Avtostrada” nashri yozishicha, yangi Cobalt’da salon yangilanishi kutilmoqda. Unda Tracker 1 uslubidagi asboblar paneli (dvigatel harorati datchiki bilan), MyLink multimedia tizimi (Apple CarPlay va Android Auto qo‘llovi), kruiz-kontrol, rulda multimediya boshqaruv tugmalari hamda old o‘rindiqlarni isitish funksiyasi bo‘ladi. Shu sababli model narxi oshishi mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//