Dabdabali marosimlardan keyin oila a’zolari o‘rtasida notinchlik kuchaymoqda – Tadqiqot

Saqlash
17:30 / 08.09.2025 66 0

“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Yangi O‘zbekistonda to‘y, oilaviy tantana, ma’raka va marosimlarni ixcham va kamxarj o‘tkazishning oilalar iqtisodiyotiga huquqiy va ma’naviy ta’sirini tahlil qilish” mavzusida mahalla faollari o‘rtasida sotsiologik so‘rovnoma o‘tkazildi.

 

Mahalla yettiligi xodimlaridan tashkil topgan respondentlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Namangan, Samarqand, Qashqadaryo, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridan qatnashgan bo‘lib, ularning yoshi 35 yoshdan 65 yoshgacha etib ko‘rsatilgan.

 

Tahlilga ko‘ra, tadqiqotda qatnashgan mahalla faollarining 103 nafari, ya’ni 80 foizi to‘y va boshqa marosimlarni ixchamlashtirish bo‘yicha xabardor ekani, qolgan 19 foizining xabardorligi yetarli emasligi ma’lum bo‘lgan. 

 

Mahalla faollarining 33 foizi to‘yni dabdababozlikka yo‘l qo‘ymasdan o‘tkazish tarafdori bo‘lgan bo‘lsa, 22 foizi to‘yni sodda va oilaviy atmosferada o‘tkazilishini, 18 foizi oilaviy imkoniyatlardan kelib chiqib tashkil qilishni ma’qul ko‘rgan. Lekin 13 foiz mahalla faollari tadbir natijasida odamlar orasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lish, 12 foiz faollar esa to‘y tadbiri juda muhim, uni har tomonlama maroqli va yodda qolarli o‘tkazish maqsadga muvofiq degan fikrni bildirgan.  

 

"Dabdabali to‘y, tantanalar va ta’ziya marosimlari jamiyatda nizoli oilalarning paydo bo‘lishida,  oilalarning ijtimoiy mavqeyiga salbiy ta’siri qay darajada?" mazmunidagi savolga 40 foiz mahalla faollari salbiy ta’sir qilishini, 21 foizi esa to‘y va ta’ziya marosimlaridan keyin oila a’zolari o‘rtasidagi notinchlik kuchayayotganini aytgan.

 

11 foizi respondent esa to‘y va ta’ziya marosimlardagi g‘arb mamlakatlaridan kirib kelayotgan yangi noan’anaviy urf-odatlar, madaniy an’analar ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oilalarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligini ma’lum qilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//