
Siyosat
5-sentyabr kuni O‘zbekiston va AQSh prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tomonlar O‘zbekiston — AQSh strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlarini batafsil ko‘rib chiqdi.
Suhbat avvalida AQSh prezidenti so‘nggi yillarda O‘zbekistonda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va aholi farovonligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan “ortga qaytmas islohotlarni” yuqori baholagan va qo‘llab-quvvatlagan.
Shavkat Mirziyoyev, o‘z navbatida, Donald Trampni AQSh ma’muriyati olib borayotgan ichki va tashqi siyosatning “ulkan natijalari” bilan tabrikladi. Amerika tomonining xalqaro va mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilish, global xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qo‘shayotgan hissasi va sa’y-harakatlari alohida qayd etildi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Ustuvor tarmoqlarda biznes kooperatsiya loyihalarini ilgari surish va savdo bitimlari hajmini tubdan oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarining barqaror o‘sishi kuzatilmoqda. 2024-yilda tovar ayirboshlash 15 foizga oshgan. Istiqbolli kooperatsiya loyihalari portfeli fuqaro aviatsiyasi, muhim mineral resurslar, elektrotexnika sanoati, energetika, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar, moliya, innovatsiyalar, ta’lim va ko‘plab boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Shu oyda AQShning yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan uzoq muddatli va barqaror sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida qator ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, xavfsizlik sohasida, eng avvalo, terrorizm, ekstremizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish borasida samarali hamkorlik qilinmoqda, deyiladi xabarda.
“Madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda. Toshkentda AQShning yetakchi oliy ta’lim muassasalari filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda”, — ta’kidladi prezidentlar.
Yetakchilar kelasi yili AQShda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi ilk bor ishtirok etishini qayd etdi. AQSh yetakchisi O‘zbekiston futbol terma jamoasiga omad tiladi.
Telefon muloqoti chog‘ida davlat rahbarlari dolzarb xalqaro masalalar, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari va AQShning “C5+1” shaklidagi mintaqaviy hamkorligini chuqurlashtirish yuzasidan ham fikr almashdi.
Mirziyoyev Trampni o‘zi uchun qulay muddatda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi. Amaliy hamkorlik bo‘yicha loyiha va dasturlarni ilgari surish maqsadida oliy darajadagi muloqotlarni davom ettirishga kelishib olindi.
“Shavkat Mirziyoyev va Donald Trampning telefon orqali muloqoti ochiq, konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tdi”, — deyiladi xabarda.
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q