Dehqon va fermerlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotini sotishda QQS nol stavkaga tushiriladi

Saqlash
09:19 / 05.09.2025 11 0

2026-yil 1-yanvardan boshlab, qishloq xo‘jaligi subyektlari o‘zi yetishtirgan mahsulotlarni (g‘alla va paxtadan tashqari) sotishda QQSdan ozod etiladi. Urug‘, o‘g‘it, yoqilg‘i, transport, elektr kabi xarajatlar uchun hisobga olingan QQSni qaytarish amaliyoti ham saqlanib qoladi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-sentyabr kuni qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

 

Aytilishicha, qishloq xo‘jaligida hamon yashirin iqtisodiyot ulushi yuqori. Yetishtirilgan mahsulotning hammasi ham hisobotlarda qayd etilmaydi. Oziq-ovqat mahsulotlarini sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘i 12 foizni tashkil etmoqda.

 

Mazkur masala prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ko‘tarilgan edi. Davlat rahbari bu borada dehqon va fermerlarga qulaylik yaratish, soliq yukini yengillashtirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma berdi.

 

Shunga muvofiq, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, malakali xorijiy va mahalliy ekspertlar ishtirokida qishloq xo‘jaligini “soya”dan chiqarish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

 

Unga ko‘ra, kelasi yil 1-yanvardan boshlab, qishloq xo‘jaligi korxonalari dehqon va fermerlarga o‘zi yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotini (g‘alla va paxtadan tashqari) sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘i nol stavkada bo‘ladi.

 

Shu bilan birga, mahsulotni yetishtirishda urug‘, o‘g‘it, yoqilg‘i, transport, elektr kabi xarajatlar uchun hisobga olingan QQSni qaytarib berish amaliyoti ham saqlanib qoladi. Natijada fermer va dehqonlar ixtiyorida yiliga 300 milliard so‘m mablag‘ qoladi, yana 400 milliard so‘mlik soliqni qaytarib olish imkoniyati bo‘ladi.

 

Mutasaddilarga bu yangi tizimni dehqon va fermerlarga tushuntirib, samarali yo‘lga qo‘yish, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//