Janubiy Koreyaning Momʻs Touch fastfud tarmogʻi Oʻzbekiston bozoriga kiradi

Saqlash
09:57 / 04.09.2025 28 0

 

Janubiy Koreyaning Momʻs Touch fastfud franchayzing kompaniyasi Oʻzbekistonda oʻzining ilk restoranini ochadi. Bu haqda The Korea Times nashri xabar berdi.

 

Momʻs Touch bosh direktori Kim Don Chjon hamda oziq-ovqat va ichimliklar ishlab chiqaruvchi One Food kompaniyasi rahbari Zafar Xoʻjayev brendni Toshkentda boshqarish huquqini nazarda tutuvchi franchayzing shartnomasini imzoladi.

 

Shartnoma doirasida One Food 2025-yilda Toshkentda birinchi Momʻs Touch restoranini ochadi. Keyinchalik mamlakat boʻylab bunday restoranlar sonini 60 tagacha koʻpaytirish rejalashtirilgan.

 

 

Janubiy Koreyaning Momʻs Touch fastfud tarmogʻi asosan qovurilgan tovuq va burgerlarga ixtisoslashgan. Kompaniyaning maʻlum qilishicha, ushbu franchayzing shartnomasi Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan Qozogʻiston va Qirgʻiziston, shuningdek Rossiya va Yaqin Sharq bozorlariga kengayishning boshlanishi hisoblanadi.

 

“Bizning kelishuvimiz – Koreya tezkor ovqatlanish kompaniyasi Markaziy Osiyo mamlakatida toʻgʻridan-toʻgʻri boshqaruv emas, balki master-franshiza orqali faoliyat boshlayotgan ilk holatdir”, – deydi Momʻs Touch vakili.

 

Brend bozorga “ona mehri” bilan tayyorlangan tezkor taomlar gʻoyasi bilan kirib kelmoqda. Momʻs Touch 1997-yilda tashkil etilgan boʻlib, hozirda Janubiy Koreyada taxminan 1430 ta restoranga ega. Brend burgerlar hamda tovuqdan tayyorlangan taomlar savdosida mashhurlikka erishgan. 2021-yildan xalqaro bozorga chiqib, AQSH, Tailand va Moʻgʻulistonda restoranlar ochdi, 2024-yil aprelidan esa Yaponiyada faoliyat boshladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//