Samarqand viloyati hokimi qoʻl ostidagilarni dam olish kunlari ishlamaslikka chaqirdi

Saqlash
09:50 / 04.09.2025 30 0

 

Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev tuman hokimliklari rahbarlari va viloyat hokimi oʻrinbosarlarini dam olish kunlarida “ochko” olish uchun ishga chiqib, xodimlarni ham ishga chiqarishni bas qilishga chaqirdi.

 

“Soatboy ishga oʻtganman deb, bozor kuni (yakshanba, odamlar haftalik xarid qiladigan kun) hammani ishga chaqirib, hokimiyatlarda oʻzlaringizni ishlaganga oʻxshab koʻrsatib, ochko olish uchun ishlaganlaringiz menga kerak emas. Bozor kuni – dam olish kuni. Bozor kuni hamma uyida damini olsin, ota-onasi, qarindoshi bor, farzandi bor, ayoli bor, boshqasi bor, damini olsin. Oʻshanda ish samarali boʻladi”, – degan Boboyev.

 

Shuningdek, u davlat xizmatchilariga vazifalarni ish vaqtida bajarish kerakligini aytgan.

 

“Oʻsha belgilangan muddatda, olti kunmi, besh kunmi, oʻshanda halol, pokiza boʻlib, fidoyi boʻlib, toza ishlanglar, yetadi oʻshaning oʻzi, tamom. Bozor kuni uylaringizga borib, bir onalaringizdan xabar olinglar, farzandlaringizga vaqt ajratinglar, ayollaringizga vaqt ajratinglar, bir opa-singillaringiz bordir, amma-xolalaringiz bordir, qarindoshlaringiz bordir. Shulardan bir xabar olinglar. Borib ularni bir-yarim soat eshitinglar. Borib, eshitib, ular bilan bir gaplashib, oʻtirsangizlar borku, oʻshanda ishlaringizda ham baraka boʻladi”, – deya taʼkidlagan Adiz Boboyev.

 

Viloyat hokimi, shuningdek, dam olish kunlarida tuman hokimlari ham, viloyat hokimi oʻrinbosarlari ham hech kimni ishga chaqirmasligi lozimligini qoʻshimcha qilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//