Xitoy O‘zbekistonda yerosti gaz saqlash inshootlarini quradi

Saqlash
12:39 / 03.09.2025 33 0

Xitoy milliy neft-gaz korporatsiyasi — China National Petroleum Corporation (CNPC) O‘zbekistonda yerosti gaz saqlash inshootlarini qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

 

Shavkat Mirziyoyev 2-sentyabr kuni Pekin shahriga tashrif doirasida ushbu kompaniya direktorlar kengashi raisi Day Xoulyanni qabul qilgandi. CNPC bilan investitsiyaviy hamkorlik portfelini kengaytirish va yerosti tabiiy gaz saqlash inshootlarini qurish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, zamonaviy metrologik standartlar hamda innovatsion yechimlarni joriy qilish loyihalarini ilgari surish rejalari ko‘rib chiqildi.

 

Uchrashuvda CNPCning O‘zbekistonga kiritgan to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalari hajmi 5 milliard dollardan oshgani ta’kidlandi.

 

China National Petroleum Corporation — uglevodorod xomashyosini qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha yuqori texnologik loyihalarni mamlakat ichida va tashqi bozorlarda amalga oshirishga ixtisoslashgan dunyoning eng yirik energetika kompaniyalaridan biridir. Kompaniyaning bozor kapitallashuvi 200 milliard dollardan ziyod.

 

Prezident China National Building Materials (CNBM) kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Chjou Yuysyanni ham qabul qildi. Uchrashuvda kompaniya tomonidan nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish, shamol va quyosh elektr stansiyalari, energiyani saqlash tizimlarini qurish, muqobil energetika obyektlari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish kabi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqildi.

 

Xitoy kompaniyasining O‘zbekiston sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha dasturda ishtirok etishiga alohida e’tibor qaratildi. Erishilgan kelishuvlarni jadallashtirish va amalga oshirish uchun alohida “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish topshirildi.

 

Ishbilarmonlik uchrashuvlari doirasida davlat rahbari Xitoy milliy yadro korporatsiyasi — China National Nuclear Corporation (CNNC) raisi Shen Yanfenni ham qabul qildi. Kompaniyaning zamonaviy texnologiyalar transferi va uran konlarini o‘zlashtirishdagi ishtiroki, istiqbolli maydonlarda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, shuningdek, tinch atom sohasida kooperatsiyani kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

 

Xitoy milliy yadro korporatsiyasi fuqarolik yadro dasturlari sohasidagi eng yirik davlat korxonasidir. Kompaniya uranni qidirish va boyitishdan tortib, Xitoy va xorijda atom elektr stansiyalarini qurishgacha bo‘lgan loyihalarning to‘liq zanjirini amalga oshiradi.

 

Xitoyning energetika va infratuzilmani rivojlantirish sohasidagi yetakchi kompaniyalaridan biri bo‘lgan Henan Investment Group kompaniyasi bosh direktori Chju Xunbin bilan uchrashuvda esa O‘zbekistonda ko‘mir konlarini o‘zlashtirishda ilg‘or texnologik yechimlarni joriy qilish, zamonaviy elektr stansiyalari, energiya saqlash tizimlarini loyihalashtirish va qurish, biomahsulotlar ishlab chiqarish, chiqindilarni qayta ishlab, toza energiya ishlab chiqarish bo‘yicha kooperatsiya loyihalarining amaliy jihatlari muhokama qilindi

 

Davlati rahbari Xitoy kompaniyasi ishtirokidagi loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish uchun alohida “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish bo‘yicha topshiriq berdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//