Ertadan avtomobillarni Piskent sinov majmuasida sinovlardan o‘tkazish amaliyoti to‘xtatiladi

Saqlash
10:53 / 02.09.2025 52 0

2025-yilning 2-sentyabr sanasidan boshlab avtomobillarni Piskent sinov majmuasida sinovlardan o‘tkazish amaliyoti to‘xtatiladi. Bu haqda Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi xabar berdi.

 

Unga ko‘ra, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan iste’molchilar manfaatlarini ta’minlash va sifat kafolatiga ega bo‘lmagan avtomobillarni respublikamizga olib kirilishini hamda jamoat yo‘llarda baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida, 2024-yilning 1-noyabridan boshlab Piskent sinov majmuasida avtotransport vositalari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan texnik reglamentga muvofiq sinovlardan o‘tkazilgan.

 

Tahlil natijalariga ko‘ra, respublikamizga texnik reglamentga muvofiq transport turi ma’qullanmagan yengil avtomobillarning import qilingani sababli, ularning sinovlari birma-bir o‘tkazilishiga sabab bo‘lgan.

 

O‘zbekistonda 2024-yilgacha 3 ta dilerlik markazlari faoliyat yuritgan bo‘lsa, ular 15 ta avtomodel uchun turini ma’qullash hujjatini olgan. Hozirgi kunda esa 21 ta xorijiy kompaniyalarning rasmiy dilerlari o‘z faoliyatini boshladi va 100 dan ortiq avtomobil rusumlariga turini ma’qullash hujjatlari rasmiylashtirildi.

 

Natijada, iste’molchilarga sifati va xavfsizligi ta’minlangan, hamda kafolatlangan avtotransport vositalarini yetkazib berish tizimi takomillashtirilib, rasmiy dilerlardan turli rusumdagi avtotransport vositalarini xarid qilish imkoniyati yaratilgan.

 

Respublikada rasmiy dilerlar va servis markazlari soni keskin oshgani hamda iste’molchilarning rasmiy dilerlar bilan ishlash amaliyoti joriy etilganini inobatga olib, 2025-yil 2-sentyabrdan avtomobillarni Piskent avtopoligonida sinovdan o‘tkazish amaliyoti to‘xtatiladi.

 

Agentlik shuningdek, yurtimizga import qilinayotgan avtomobillarning sifati va xavfsizligini ta’minlash doimiy nazorat qilinib, amaldagi talablarga ko‘ra nomuvofiqliklar aniqlanganda, iste’molchilardan e’tirozlar kelib tushganda ushbu avtomobillarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlanishini eslatib o‘tish bilan birga, avtomobil xaridini rasmiy dilerlar orqali amalga oshirish tavsiya etgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//