
Siyosat
Bugun, 2-sentyabr kuni Pekin shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning rasmiy delegatsiya aʼzolari ishtirokida muzokaralar oʻtkazildi.
Unda Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
“Yagona Xitoy” siyosatini qoʻllab-quvvatlash hamda “uch yovuz kuch” – terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashish masalalarida Oʻzbekistonning pozitsiyasi oʻzgarmas ekani tasdiqlandi.
Savdo-iqtisodiy, texnologik va moliyaviy-investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Oʻtgan yili tovar ayirboshlash 14 milliard dollardan oshdi, yil boshidan esa yana 23 foizga oʻsdi. Sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini oʻzaro yetkazib berish orqali bu koʻrsatkichni 20 milliardga yetkazish vazifasi turibdi.
Qayd etilishicha, investitsiya loyihalari portfeli 60 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda. 2024-yilda umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq 64 ta loyiha ishga tushirilgan. Oʻzbekistonning turli hududlarida qoʻshma texnoparklar va maxsus industrial zonalar faoliyat yuritmoqda, “BYD” elektromobillarini ishlab chiqarish kengaytirilmoqda va mahalliylashtirish darajasi oshirilmoqda.
“Yashil” energetika va energiya samaradorligini oshirish, jamoat transportini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish, pullik avtomobil yoʻllarini barpo etish, muhim minerallarni chuqur qayta ishlash, shuningdek, kimyo, suv va qishloq xoʻjaligi, turizm va shaharsozlik sohalarida istiqbolli loyihalar ishlab chiqilgan.
Uchrashuvda shuningdek, hududlararo almashinuvlar faollashgani yuqori baholandi. Xitoy tajribasi asosida Oʻzbekistonda kambagʻallikka barham berishga qaratilgan qoʻshma tadbirlarni amalga oshirishda ekspertlik koʻmagi davom ettiriladi.
Innovatsion loyihalarni ilgari surish va mutaxassislar tayyorlash uchun Oʻzbekiston – Xitoy sunʼiy intellektni rivojlantirish markazini tashkil etish taklif qilindi.
Bundan tashqari, “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” strategik temir yoʻli qurilishining amaliy bosqichi boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ilm-fan, tibbiyot, taʼlim va turizm sohalaridagi sheriklikni kengaytirish zarurligi taʼkidlandi. Mamlakatimizda Shimoli-gʻarbiy qishloq va oʻrmon universitetining filiali hamda Xalqaro matematika markazi ochildi. Sian neft universiteti filialini ochish toʻgʻrisida Bitim imzolandi. Pekin texnologiya instituti filialini ochish rejalashtirilgan.
Joriy yilda Oʻzbekistonda ikkinchi Taʼlim forumi oʻtkaziladi. Xitoy tilini oʻrganishni kengaytirish va oʻzbekistonlik yoshlarni oʻqitish uchun kvotalarni koʻpaytirish, Konfutsiy institutlari faoliyatini rivojlantirish qoʻllab-quvvatlandi.
Mamlakatimiz hududlarida energetika, mashinasozlik, sunʼiy intellekt, tibbiyot, qishloq xoʻjaligi sohalari uchun mutaxassislar tayyorlaydigan Oʻzbekiston – Xitoy “Lu Ban ustaxonalari”ni tashkil etish koʻzda tutilgan.
Sayyohlar almashinuvi oʻsishi uchun sharoit yaratish maqsadida aviaqatnovlar soni oshirilmoqda, ikki mamlakat oʻrtasida vizasiz tartib joriy etildi.
Shu kunlarda Xitoy Milliy muzeyidagi katta koʻrgazmada Oʻzbekiston ham qatnashmoqda. 2027-yilda Shanxay va Pekinda sanʼat koʻrgazmalarini oʻtkazish rejalashtirilgan.
Tashrif doirasida oʻzaro madaniyat markazlarini ochish toʻgʻrisida tarixiy bitim qabul qilinadi.
Uchrashuvda xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi. BMT, SHHT, “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati va boshqa koʻp tomonlama tuzilmalar doirasidagi muvofiqlashuv va oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Xitoy rahbarini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q