Prezident ShHTdagi nutqida “Sayyohlik yoʻlagi” va ShHT tibbiyot turizmi alyansini ishga tushirish tashabbusini bildirdi

Saqlash
11:54 / 01.09.2025 21 0

1-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Shanxay hamkorlik tashkilotining Tyanszin sammiti oʻz ishini boshladi. Unda Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

 

Prezident Xitoy Xalq Respublikasining Raisi, hurmatli Si Szinpin Janobi Oliylariga majlisimizni yuksak darajada tashkil etgani va samimiy qabul uchun chin dildan minnatdorlik bildirib, barcha ishtirokchilarni xalqlarimiz ulkan hissa qoʻshgan Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk gʻalabaning 80-yilligi munosabati bilan tabrikladi.

 

Qayd etilishicha, Xitoyning qadimiy madaniyati hamda uning sanoat va texnologik yoʻnalishdagi jadal taraqqiyoti oʻrtasidagi uygʻunlikni oʻzida mujassam etgan Tyanszin shahrida boʻlib oʻtayotgan mazkur manzilda buyuk Konfutsiyning “Hayotda oʻz oʻrningni topishni xohlar ekansan, boshqalarga yordam ber, muvaffaqiyatga intilar ekansan, boshqalarning yutugʻiga koʻmak ber”, degan hikmatli soʻzlari oʻzgacha ruhda yangraydi. Bu ming yillik falsafa oʻzaro hurmat va bir-birini qoʻllab-quvvatlash, har bir aʼzo davlat manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan Shanxay hamkorlik tashkilotining bugungi missiyasiga hamohangdir.

 

Shavkat Mirziyoyev ShHT makonida umumiy taraqqiyot va ravnaq aynan ana shunday mustahkam poydevor ustida barpo etilmoqda, deb hisoblashini taʼkidladi. Xitoyning samarali raisligi tufayli Tashkilotimizning nufuzi yanada mustahkamlangani, mamlakatlarning oʻzaro manfaatli amaliy hamkorligi kengaygani qayd etildi.

 


Shuningdek, ushbu sammit yangi tarixiy davrni boshlab berishi va oʻzaro munosabatlarning uzoq istiqbolga moʻljallangan strategik yoʻnalishlarini belgilab olishga xizmat qilishi boarsida ishonch bildirildi.

 

Iqtisodiy, intellektual, resurs va texnologik yoʻnalishlarda ulkan salohiyatga ega boʻlgan Shanxay hamkorlik tashkiloti xalqaro maydonda oʻz taʼsirini izchil kengaytirib bormoqda. Global noaniqlik kuzatilayotgan hozirgi sharoitda bu muhim ahamiyatga egadir.

 

Ishonchning tizimli inqirozi, mojarolarning kengayib borayotgani, koʻp tomonlama institutlarning zaiflashishi va jahon savdo tizimining parchalanishi xalqaro xavfsizlik va barqarorlik arxitekturasi asoslariga putur yetkazmoqda. Bunday sharoitda ShHT davlatlarining bir-birini oʻzaro tushunishi va birdamligi – bu faqat qimmatli boylik emas, balki bizning bepoyon mintaqamizda tinchlikni saqlashning kaliti ekani taʼkidlandi.

 

Ayniqsa, ShHT teng huquqli muloqot, oʻzaro hurmat va sheriklik makoni boʻlib qolayotgani muhim. Aynan shu jihat manfaatlar muvozanatini taʼminlash va zamonamizning eng murakkab xavf-xatarlariga birgalikda javob topish imkonini bermoqda.

 

Prezident shuningdek, ShHTning ovozi bizning umumiy siyosiy irodamiz ifodasi, tinch kelajak va barqaror taraqqiyot yoʻlidagi qatʼiy saʼy-harakatlarga chorlovimiz sifatida yanada ishonchli va baralla yangrashi kerak, deb hisoblashini, koʻp tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish boʻyicha oʻz qarashlarimiz bilan oʻrtoqlashishni istagida ekanini bildirdi.

 

Bunda eng avvalo, Tashkilotning samaradorligini oshirish, uning institutlari va qarorlarni amalga oshirish mexanizmlarini mustahkamlash zarur. Tashkilotni transformatsiya qilish boʻyicha Samarqand sammitida boshlangan jarayonlar ushbu muhim vazifalarni hal etishga yordam beradi, deb ishonishini taʼkidladi.

 

“Biz Tashkilotning izchil kengayishi tarafdorimiz. Chunki “ShHT modeli”ning muvaffaqiyati uning ochiqligi va keng koʻlamli hamkorlikka yoʻnaltirilganidadir. Biz oʻz kelajagini ShHT bilan bogʻliq holda koʻrayotgan davlatlarning intilishlarini qoʻllab-quvvatlashga tayyormiz”, deydi Prezident.

 

ShHTning muloqot boʻyicha sheriklari tarkibi, jumladan, boshqa mintaqa davlatlari hisobidan kengayib borayotgani Tashkilotni Global Janub mamlakatlari bilan hamkorlik platformasiga aylantirishga yordam beradi.

 

Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik – ShHTning hal qiluvchi ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Bugungi kunda kelishilgan yondashuvlarga hamda ishonch va xavfsizlikni taʼminlashning yangi mexanizmlariga talab kuchayib bormoqda.

 

Terrorizm va ekstremizmning tabiati sezilarli ravishda oʻzgarayotgani, kiberjinoyatchilik, sintetik narkotiklar ishlab chiqarish va aylanmasi oʻsib borayotgani, uyushgan jinoyatchilik kuchayayotgani munosabati bilan bildirilayotgan xavotirlarga asosli ekani taʼkidlandi va quyidagi muhim tashabbuslar bildirildi:

 

— Yadro xavfsizligi yoʻlida koʻp tomonlama sheriklikni mustahkamlash boʻyicha ShHT deklaratsiyasini qabul qilish;

— Ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlari kengashi ishini qayta tiklash, Jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni qayta koʻrib chiqish, Giyohvandlikka qaram boʻlib qolishga qarshi kurashishning 2030-yilga qadar moʻljallangan dasturini ishlab chiqish;

—“ShHT – Afgʻoniston” muloqot guruhi faoliyatini qayta tiklash;

— ShHT makonida mintaqaviy ichki mahsulot ayirboshlash hajmini oshirishga turtki beradigan Savdoni soddalashtirish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi bitim imzolash;

— Strategik materiallar boʻyicha ShHT mintaqaviy markazi, ShHT Energetika konsorsiumi, startap va innovatsion loyihalarni qoʻllab-quvvatlash hamda ilgari surish uchun Venchur kompaniyalari va jamgʻarmalari tarmogʻi, investitsiyalarni ilgari surish uchun Maxsus elektron portal kabi qator yangi platformalar va kooperatsiyani qoʻllab-quvvatlash vositalarini tashkil etish;

— “ShHT yagona transport makoni”ni shakllantirish va uni “Bir makon – bir yoʻl” strategik tashabbusi bilan bogʻlash boʻyicha koʻp tomonlama konsepsiyani ishlab chiqish;

— Iqlim oʻzgarishiga moslashish, havoga zaharli gazlarni chiqarishni kamaytirish, ekologik xavf-xatarlarni bashorat qilish uchun sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalalari boʻyicha mintaqaviy platformani ishga tushirish;

—Xalq ijodiyoti xalqaro festivallarini oʻtkazish, “ShHT universiteti” sheriklik tarmogʻining onlayn kampusini yaratish, innovatsion yoʻnalishlar boʻyicha har yili talabalar va yosh mutaxassislar oʻrtasida tanlov va olimpiadalar tashkil etish gumanitar almashuvlarni rivojlantirish;

— “Sayyohlik yoʻlagi” va ShHT tibbiyot turizmi alyansini ishga tushirish kabi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish taklif etildi.

Sammit yakunida hujjatlarni imzolash marosimi boʻldi va Tyanszin deklaratsiyasi qabul qilinib, navbatdagi ShHTga raislik Qirgʻiziston Respublikasiga oʻtdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//